Davlat soliq qo`mitasi tomonidan dastlabki aniqlangan 396 ta va ikkinchi bosqichda aniqlangan 129 ta shubhali korxona qatoriga yana 53 ta korxona kiritildi. Bu haqda qo`mita axborot xizmatida xabar berildi.
Xabarga ko`ra, endilikda ularning soni 578 taga etdi. Tadbirkorlar va aholi orasida qonuniy biznes yuritishning nufuzini oshirish hamda tadbirkorlikni qo`llab-quvatlash maqsadida Davlat soliq qo`mitasi tomonidan faoliyatida soliqlarni to`lashdan qochishning turli xil sxemalaridan foydalanganlik holatlari kuzatilgan «shubhali» korxonalar ro`yxati yangilandi.
Bugungi kunda mazkur qo`shimcha aniqlangan shubhali korxonalarning kontragentlari tomonidan asossiz ravishda hisobga olingan qo`shilgan qiymat solig`i summalari tahlil qilinmoqda. Tahlil natijalariga ko`ra, ushbu shubhali korxonalarni kontragentlarining shaxsiy kabinetlari orqali asossiz hisobga olingan qo`shilgan qiymat solig`i summasiga tuzatish kiritishlari to`g`risida xabarnomalar yuboriladi.
Qayd etilishicha, birinchi va ikkinchi bosqichda aniqlangan 525 ta «shubhali» korxona konragentlarida hozirgacha 97 foiz holatda QQS summasini noqonuniy hisob (zachet)ga olish fakti tasdiqlandi. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to`lovchilarning murojaatlari asosida faoliyati shubhali deb topilgan korxonalar bilan amalga oshirilgan bitimlarni o`rganib chiqish uchun tezkor ravishda kameral soliq tekshiruvlari tashkil etilmoqda.
Kameral soliq tekshiruvlari natijasida kontragentlar xatolari tasdig`ini topgan bo`lsa-da, ularning uzluksiz faoliyat ko`rsatishlariga sharoit yaratish maqsadida kamchiliklarini tan olgan 275 ta sub`ektga 38,6 milliard so`mlik byudjetga to`lanishi lozim bo`lgan summalarni 2021 yil yakuniga qadar har oy teng ulushlarda bo`lib-bo`lib to`lashiga ruxsat berildi. Murojaatlarni ko`rib chiqish davom etmoqda.