Bu haqda AOKAda bo`lib o`tayotgan matbuot anjmunida ma`lum qilindi.
Joriy yilning 22 fevralida imzolangan “Zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori bilan zargarlik sohasini yanada rivojlantirish, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini qo`llab-quvvatlash maqsadida huquqiy asos yaratildi.
Ushbu qaror orqali tarmoq uchun bir qator engilliklar va imtiyozlar berilmoqda. Jumladan:
Qimmatbaho metallarni 180 kunga kechiktirib to`lash orqali xarid qilishga ruxsat berildi. Bu orqali zargarlarni xom-ashyo bilan uzluksiz ta`minlanishiga erishiladi.
Qimmatbaho metallarni Olmaliq va Navoiy kon metallurgiya kombinatlaridan yoki birja orqali to`g`ridan to`g`ri sotib olish joriy etilmoqda. Qimmatbaho metallarni xarid qilish soddalashtirildi va xom-ashyoni sotib olish tartiblari kengaytirildi.
Marvarid, olmos va boshqa qimmatbaho toshlarni mamlakatimizga olib kirish uchun import bojxona bojidan ozod etildi.
Zargarlik buyumlarini lazer orqali tamg`alashga ruxsat berildi. Nozik va nafis zargarlik buyumlarini mexanik zarb orqali tamg`alashda buyumning ko`rinishiga, sifatiga zarar etkazmaslik maqsadida lazer orqali tamg`alash mumkin bo`ldi.
Affinaj korxonalarga o`lchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat berildi.
Zargarlik buyumlarini elektron tijorat orqali sotishga ruxsat berildi.
Ishlab chiqaruvchilar uchun 300 mln. so`mgacha miqdorda imtiyozli mikrokreditlar ajratilmoqda va bu orqali moddiy texnik bazasini takomillashtirishga, aylanma mablag`ini mustahkamlashga sharoit yaratilmoqda.
“O`zbekzargarsanoati” uyushmasi a`zolariga “Hunarmand” uyushmasiga berilgan soliq imtiyozlari tadbiq etilmoqda.
Milliy brendlarni rivojlantirish maqsadida Qo`qon, Namangan, Samarqand va Buxoro shaharlarida zamonaviy ko`rgazma savdo do`konlari faoliyati yo`lga qo`yilmoqda.
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar uchun nufuzli xalqaro ko`rgazmalarda qatnashishi bilan bog`liq sarf-xarajatlarning 50 foizi kompensasiya ko`rinishida qoplab berilishi ko`zda tutilmoqda.






