AsosiyJamiyat

Senat raisi Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi xonadonlarda bo`ldi (foto)

'Senat raisi Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi xonadonlarda bo`ldi (foto)'ning rasmi

Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva xizmat safari bilan Sirdaryo viloyatida bo`lib turibdi, deya xabar bermoqda Senat Matbuot xizmati.

Senat Raisi T.Narbaeva Sirdaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kunida Mirzaobod va Oqoltin tumanlarida bo`ldi.

Dastlab Mirzaobod tumanidagi “Yangi O`zbekiston” mahallasida tashkil etilgan tikuv sexi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu korxona  “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatlarini tugatish doirasida bunyod qilingan va yangi tashkil etilgan mazkur mahalladagi qo`pqavatli turar-joylardan birining erto`lasida ochildi. Aytish lozimki, qurilish loyihasi bo`yicha har bir uy tagida bunyod etilgan ana shunday keng va shinam maydonlar bugungi kunda har bir xonadonga alohida omborxona bo`lishi barobarida ishlab chiqarish ob`ekti sifatida ham xizmat qilmoqda. Ahamiyatlisi, jami 150 nafar xotin-qiz ish bilan ta`minlangan. Yana bir e`tiborli jihati, korxona chevarlarining aksariyati “Ayollar daftari”ga kiritilganlardir.

Tumanning “Haqiqat” mahallasidagi avval umumiy yotoqxona shaklida bo`lgan bino tubdan ta`mirlangach, turar-joyga aylandi. Natijada uyga o`ta ehtiyojmand 26 ta oila shu binoga ko`chib kirdi. Hovlisi ham obodonlashtirilib, tandirxona qurib berildi.

Senat Raisi ushbu uyda yashovchi Salomat Abdullaevaning  xonadonida bo`lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

So`ngra Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi T.Narbaeva Oqoltin tumanidagi “Shodlik” mahallasida Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida “Sirdaryo viloyatidagi aholining zaif qatlamini qo`llab-quvvatlash dasturi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Kasb-hunarga o`qitish markazi” faoliyati bilan qiziqdi. Bundan bir necha oy oldin ochilgan markaz  hududdagi doimiy ish bilan band bo`lmagan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

 Unda ishsiz ayollar va yoshlar bir vaqtning o`zida pazandachilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi mutaxassisliklari bo`yicha professional darajada o`qitiladi. Asosiy maqsad ularni aniq daromad manbalari bilan ta`minlash, iqtisodiy faolliklarini yanada oshirishga qaratiladi.Markazda aholi takliflari va hududning ijtimoiy-iqtisodiy talablari asosida boshqa yo`nalishlar bo`yicha ham maxsus o`quv kurslarini yo`lga qo`yish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Senat Raisi tuman hokimligida xalq deputatlari Oqoltin tumani Kengashi deputatlari va xotin-qizlar bilan uchrashdi. Mahalliy Kengash faolligini oshirish hamda boshqa dolzarb masalalar bo`yicha o`z tavsiyalarini berdi.

Qolaversa, uchrashuvda deputatlik so`rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g`amxo`rlik ko`rsatish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, uchrashuv-muloqotda ishtirokchilarning taklif-mulohazalari ham eshitildi. Xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyatiga yaratilgan ish sharoiti va uning faoliyati bilan ham tanishildi.

Senat Raisi tumanning “Andijon” mahallasida bo`lib, u erda qishloq aholisi turmush tarzi va muammolarini o`rgandi. Suhbat davomida bandlikni ta`minlash, moddiy yordam va uy-joy bilan bog`liq muammolar bildirilib, bu borada murojaatlar echimi yuzasidan mas`ullarning takliflari tinglandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaevaning Sirdaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar