1

Xotinini o`ldirib, ko`mib qo`ygani uchun qamalib chiqqan shaxs uylanish va`dasida turmagani uchun beton bo`lagiga bog`langan holda kanalga tashlab yuborildi

Jinoyat 18.03.2021, 10:08
Xotinini o`ldirib, ko`mib qo`ygani uchun qamalib chiqqan shaxs uylanish va`dasida turmagani uchun beton bo`lagiga bog`langan holda kanalga tashlab yuborildi

Toshkent viloyatida 45 yoshli ayol unga uylanishni va`da qilib, gapida turmagan 38 yoshli erkakni o`zining yaqin qarindoshlari yordamida beton bo`lagiga bog`lab, kanalga tashlab yuborgan. Bu haqda «O`zbekiston» telekanalining «Bir jinoyat izidan» ko`rsatuvida ma`lum qilindi.

2020 yilning 29 mart kuni Bo`stonliq tumani IIBga tumandagi «Dumaloq» mahallasidan oqib o`tuvchi «Parkent» magistral kanalida osiyo millatiga mansub, yoshi taxminan 35—45 larda bo`lgan, shaxsi noma`lum erkakning murdasi topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Murdani ko`zdan kechirish vaqtida og`zi skotchlangani, uni suvga cho`ktirish maqsadida qo`l va oyoqlari beton bo`lagiga arqon bilan bog`langani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Chirish holatida bo`lgan murdaning shaxsini aniqlash maqsadida uning barmoq izlari ustida butun boshli tadqiqot o`tkazilgan. Tekshiruv yakunlariga ko`ra marhum 1983 yil 17 avgust kuni Qoraqalpog`istonning Amudaryo tumanida tug`ilgan Odilbek Otajonov ekani ma`lum bo`lgan.

Otajonov o`limi arafasida fuqaro Surayyo Mirmahmudova bilan yaqin munosabatda bo`lgani uchun ayol tergovga jalb qilingan. Tergov davomida Mirmahmudova uning uyida qurilish ustasi sifatida ishlagan Odilbek Otajonov bilan haqiqatan ham iliq munosabatda bo`lgani, erkak dastlab unga uylanish istagini bildirgani, biroq keyin fikridan qaytib qolganini bildirgan.

Jinoyat tafsilotlari

Bir kuni Odilbek Otajonov mast holatda Surayyo Mirmahmudova bilan tortishib qolgan va «hamma gapni ochiq-oydin» aytgan. Tortishuv davomida: «Senga uylanmayman. Seni bitta ‘kurtka`ga bahs boylab yutib olganman», degan. Ta`kidlanishicha, Odilbek Otajonov Surayyo Mirmahmudovani jinsiy munosabatlarga kirishishga undab, uning fahsh suratlarini telefoniga yozib olgani, bundan foydalanishi mumkinligini aytib, ayolni qo`rqitib kelgan. Surayyo Mirmahmudova tahdidlardan qo`rqib, holat haqida ukalari — Komil va Ibrohim Mirmahmudovlarga aytib bergan.

Shundan so`ng Surayyo Mirmahmudovaning ukalari — Komil va Ibrohim Mirmahmudovlar, amakivachchalari Abror MirmahmudovAhmadjon To`raboevNodir Abdukarimov, qo`shnisi Ahmadjon RahimberdievSaima Xudoybergenova — jami sakkiz kishi o`zaro jinoiy reja tuzadi. Ular Odilbek Otajonovni «samosud» qilishga kelishib oladi. Ko`rsatuvda Komil Mirmahmudov akasi Ibrohim Mirmahmudov, amakivachchalari Abror Mirmahmudov va Ahmadjon To`raboev bilan birgalikda Odilbek Otajonovni o`ldirishga kelishib olgani haqida ham so`z boradi.

Odilbek Otajonov Saima Xudoybergenova bilan G`azalkent shahridagi «Shabada» kafesida uchrashadi. Saima ularning o`tirgan joyi haqida Ahmadjon Rahmonberdievga xabar qiladi. O`z navbatida Ahmadjon Rahmonberdiev bu haqda Surayyoning ukasi Komilga xabar qilib, ular bu joyga kelib Odilbekni o`g`irlab ketishlari mumkinligini aytgan.

Oldindan o`ylangan reja bo`yicha Komil Mirmahmudov «Niva» mashinasida, akasi Ibrohim Mirmahmudov esa «Jiguli» da Bo`stonliq tumani «Oqtosh» mahallasi bo`yidagi kanalda uchrashgan. Komil Mirmahmudov bu joyga xolavachchasi Nodir Abdukarimovni ham taklif etgan. Undan ham jinoyatni sodir etishga ko`maklashish — Odilbek Otajonovni o`g`irlab ketishga yordam berish so`ralgan. Kelishuvga rozi bo`lgan Nodir Abdukarimov birgalikda Otajanovni o`g`irlash uchun «Shabada» kafesiga borgan.

Kafega kelgach, Komil Mirmahmudov, Ahmadjon Rahmonberdiev, Ahmadjon To`raboev, Abror Mirmahmudov to`g`ri Odilbek Otajanov o`tirgan xonaga kirib borgan, ularni ko`rib Saima Xudoybergenova xonadan qochib chiqqan. Shundan so`ng Ahmadjon Rahmonberdiev hamda Komil Mirmahmudov Otajonovni: «Ushlanding-ku, topilar ekansan-ku», deya turli nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilib, Abror Mirmahmudovga Odilbekni tashqariga sudrab olib chiqishni buyurgan. Ular Otajanovni «Niva»ga o`tirg`izib, Surayyo Mirmahmudovaning uyiga olib borgan.

Surayyo Mirmahmudova Odilbek Otajonovni, «u aytgan hamma gaplarni» eslatib, oyoq-qo`llari, biqini va boshiga xoda bilan urgan. Surayyoni to`xtatishga uringan ukalaridan biriga u: «Buni o`ldirish kerak. Urib humorimdan chiqishim kerak. Buni suyagini etidan ajratmagunimcha tinchimayman, men buni o`ldiraman», deb qarshilik ko`rsatgan. Odilbekni kaltaklab bo`lgach, «uni nima qilishni o`ylab ko`rish uchun» uyning erto`lasiga olib kirib qo`yishadi.

Soat taxminan 22:00 da Komil, Ibrohim va Abror Mirmahmudovlar hamda Ahmadjon To`raboev Surayyo Mirmahmudovaning uyida to`planadi. Ular hushsiz, kaltaklangan, bosh, qo`l hamda oyoqlaridan tan jarohatlari olgan ojiz ahvolda yotgan Otajonovni erto`ladan olib chiqib, «Jiguli»ning yukxonasiga yuklaydi. Uni «Parkent» kanaliga tashlab yuborish uchun, Bo`stonliq tumani «Dumaloq» mahallasi hududiga borishadi.

«‘Jiguli`ning yukxonasiga ortilgan Odilbek Otajonovni Ibrohim Mirmahmudov amakivachchasi Abror bilan birgalikda olib tushib, unga avvaldan tayyorlab qo`yilgan beton bo`lagini qo`l va oyoqlariga arqon yordamida bog`lab, shu holatda ko`tarib, uni suvga tashlab yuboradi», — deydi Toshkent viloyati prokuraturasining katta tergovchisi Sanjar Safarov.

Sud hukmi

Tergov natijalariga ko`ra Surayyo Mirmahmudova va etti nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «j», «o», «p» bandlari (aybdorga ayon bo`lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o`ta shafqatsizlik bilan boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a`zosi tomonidan yoxud o`sha gur manfaatlarini ko`zlagan holda qasddan odam o`ldirish), 137-moddasi 3-qismi «b» bandi (og`ir oqibatlarga sabab bo`lgan odam o`g`irlash), 138-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari (jismoniy azob berib, hayot yoki sog`liq uchun xavfli sharoitda saqlagan holda zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan ayblov e`lon qilingan. Jinoyat ishlari bo`yicha Bo`stonliq tuman sudi 2020 yil 20 oktyabrida ushbu ish bo`yicha hukm chiqargan.

Komil Mirmahmudov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirish), 137-moddasi (odam o`g`irlash) 3-qismi, 138-moddasi (zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Surayyo Mirmahmudova Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 57, 59, 61-moddalari tartibida 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ibrohim Mirmahmudov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismi, 164-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Abror Mirmahmudov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismi va 164-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud Ahmadjon To`raboev, Ahmadjon Rahimberdiev, Abdukarimov Nodir, Saima Xudoybergenevaga nisbatan ham ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlagan. Ko`rsatuvda ularga nisbatan tayinlangan jazo tafsilotlari ma`lum qilinmagan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1