O`zbekiston fuqarolarini xorijga noqonuniy jo`natish bilan shug`ullangan jinoiy to`da fosh etildi

Jinoyat 18.02.2016, 16:48
O`zbekiston fuqarolarini xorijga noqonuniy jo`natish bilan shug`ullangan jinoiy to`da fosh etildi

Qay yo`l bilan bo`lmasin, ko`proq va tezroq pul topish ilinjidagi odamlar gohida tuzukroq taklif chiqishi bilan xorijga ishlagani borish payida bo`lishadi. O`zlari istagan joyga borish uchun qonunni buzib, o`zi va yaqinlari hayotini, kelajagini tahdid ostiga qo`yishga ham tayyor turishadi. 

Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan Qobil Tolipov, Hasan Fayziev va Fazliddin Husanovlar ham ana shunday kimsalar orqasidan pul ishlashga qaror qilishdi. Yanayam to`g`rirog`i ular eng og`ir va sharmandali jinoyat — odam savdosiga qo`l urishdi. Aslida ulardan biri allaqachon ellikni urib qo`ygan, ikkinchisi 46 yoshda edi. Muqim ish joyiga ega bo`lmagan “uch og`ayni” qozog`istonlik Olimjon Ortiqboev (ayni paytgacha  Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashab kelgan)  bilan til biriktirib, O`zbekiston fuqarolarini Qozog`iston va Rossiyaga noqonuniy jo`natish bo`yicha “kanal”ochishgan.

Bu to`da belgilangan reja bo`yicha ishlar, uning har bir a`zosiga jinoiy faoliyatning muayyan yo`nalishi belgilab berilgan edi. 

Xususan, F.Husanov g`urbatda ishlab pul topmoqchi bo`lganlarning ro`yxatini tuzish bo`yicha mas`ul edi. U ana shu maqsadda alohida jurnal tutgan – “ma`lumotlar bazasi”ni yaratgan bo`lib, unda barcha muhojirlarning ism-familiyasi, ular jo`nab ketishi va manzilga etib borish vaqtlari haqidagi ma`lumotlar o`rin olgandi. U jinoiy to`daning hisob-kitob ishlarini ham bajarar, barcha kirim va chiqimlar uning nazorati ostida edi.

Asosan Farg`ona vodiysidan keladigan fuqarolarni poytaxtning belgilangan joyida to`plash vazifasi esa, bir paytlar Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismida xizmat qilgan Q.Tolipovga topshirilgan edi. F.Husanov tuzgan ro`yxat bo`yicha Q.Tolipov odamlarni “Qo`yliq” bozori yaqinida to`plar va o`zining “Damas” avtomashinasida Qozog`iston chegarasi yaqinidagi nazorat punktiga qadar olib borardi. 

H.Fayziev jinoiy faoliyatda alohida o`ringa ega bo`lib, huquq-tartibot xodimlari bilan yaxshigina aloqasi bor edi. Bu esa, ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikni chetlab o`tishda qo`l kelardi. Fayziev mehnat muhojirlarini “G`isht-ko`prik” chegara postidan o`tkazib, ularni qozog`istonlik sheriklari qo`liga topshirish bilan shug`ullanardi. “Chegara ortida”gi ishlar Jamila ismli ayol zimmasiga yuklanar, uning nazorati ostida o`zbekistonlik fuqarolar boshqa mashinaga o`tirib, noqonuniy yo`llar bilan Rossiya hududiga kirib borishardi. 

Olimjon Ortiqboevning roli Toshkent viloyatidagi odamlarni  to`plash hamda vaqtincha yashash joylari bilan ta`minlashdan iborat edi. O.Ortiqboev farg`onalik, 29 yoshli Rahmatullo Qalandorovni sherik qilib olgach, “tirik tovar”larni tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, belgilangan bojxona punktlarni chetlab o`tgan holda O`zbekiston hududidan chiqarishni ta`minlash  bilan shug`ullana boshladi. 

Ushbu taxlit ish yuritgan guruh 2013-2015 yillar oralig`ida juda ko`p odamlarni qo`shni davlatga chiqarib yuborishgan. Vositachilardan har biri o`z xizmatlari uchun mo`maygina pul ishlab kelgan. Bu yo`lda erishilgan har bir “g`alaba” hamtovoqlarni yanada kuch-g`ayratga to`ldirib, navbatdagi jinoyatlarga undagan.

Muhojirlarning oxirgi guruhi ular tomonidan 2015 yilning may oyida Qozog`iston hududiga yo`naltirilgan. Ayni shu davrda mamlakatimiz huquq-tartibot organlari fuqarolarimizni noqonuniy tarzda qo`shni o`lkaga yuborib kelgan bu jinoiy to`dani fosh etishdi: K.Tolipov, H.Fayziev va  F.Husanov, sal keyinroq esa “kuzatuvchi” vazifasini o`tab kelgan O.Ortiqboev va R.Qalandarovni qo`lga olishdi. Sud majlisi davomida jinoyatchilar o`z ayblarini to`la tan olishdi. Ularning barchasi o`z aybiga yarasha mamlakatimiz qonunchiligi talablari asosida jinoiy va ma`muriy javobgarlikka tortilishdi.  

Xullas, jinoyatchilar qo`lga olindi, aybdorlar jazosini oldi. Biroq pirovardida xorijga ishga otlanayotgan hamyurtlarimiz uchun ikki og`iz gapni qistirib o`tmoqchi edik: ma`lumki, O`zbekistonda ular uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Xususan O`zbekiston respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi tashkil etilgan bo`lib, ushbu idora orqali zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, yaqin va uzoq xorij mamlakatlaridan ish topish mumkin.

Darvoqe, endi uzoq yo`l bosib, ushbu muassasaga kelishning hojati ham yo`q. Barcha jarayonlarni onlayn rejimida bajarish imkoniyati mavjud. Shunga qaramay, ayrim shaxslarning ushbu imkoniyatlarni chetlab o`tib, shubhali yo`llar bilan xorijga ketish uchun oshiqayotganini qanday tushunish mumkin? Ularning soddaligi, e`tiborsizligi huquqiy savodxonlikning etarli darajada emasligi hikoyamizda tilga olingan “qahramonlarning” tegirmoniga suv quyib turgani g`oyat achinarlidir...

Ahror RAHIMOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1