AsosiyJamiyat

Markaziy Osiyo qishloq xo`jaligi vazirlari oziq-ovqat tizimidagi innovasiyalarni muhokama qilishdi

'Markaziy Osiyo qishloq xo`jaligi vazirlari oziq-ovqat tizimidagi innovasiyalarni muhokama qilishdi'ning rasmi

O`zbekiston qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev Markaziy Osiyo mamlakatlari agrar sektori rahbarlarining "Oziq-ovqat tizimidagi innovasiyalar: oziq-ovqat tizimlari bo`yicha Sammitga yo`l" uchinchi kengashida ishtirok etdi. Bu haqda Qishloq xo'jaligi vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. 

Videokonferensiyada Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston qishloq xo`jaligi vazirlari, FAO bosh direktori Syuy Dun`yuy, BMTning mintaqaviy vakillari, Barqaror oziq-ovqat tizimlari bo`yicha maxsus ishchi koalisiya (BOT-MIK), Evroosiyo taraqqiyot banki, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, IFAD, Islom taraqqiyot banki va Jahon banki vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvning maqsadi oziq-ovqat tizimini barqaror rivojlanish manfaatlari yo`lida xizmat qiladigan tarzda o`zgartirish usullarini ko`rib chiqish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida oziq-ovqat tizimlarini takomillashtirishning asosiy vazifalarini belgilashdan iborat. Shuningdek, innovasiyalarni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan ba`zi istiqbolli qishloq xo`jaligi strategiyalari ham muhokama qilindi.

2030 yilgacha bo`lgan O`zbekiston qishloq xo`jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida zamonaviy bilimlarni qishloq xo`jaligi sohasida qo`llashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ushbu maqsadda qishloq xo`jaligida ilg`or ilmiy ishlanmalar, yangi metodikalar, biotexnologiya va suvni tejash texnologiyalari joriy etilmoqda, shuningdek, urug` etishtirish faol rivojlanmoqda.

O`zR Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev

"O`zbekistonda qishloq xo`jaligi sohasini rivojlantirishning innovasion omili birinchi o`ringa chiqmoqda", — ta`kidladi vazir Jamshid Xodjaev. — Mamlakatimiz hududlarida noyob AKIS agro xizmatlar markazlarini yaratish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Ular "yagona darcha" tamoyili asosida fermerlarga keng ko`lamli ixtisoslashgan xizmatlarni taqdim etadi: xalqaro sertifikatlash, veterinariya tibbiyoti, urug`lar, ko`chatlar, yosh chorva mollari savdosi, tuproq va sug`orish suvlarini tahlil qilish, fitosanitar xavflarni baholash va boshqa ko`plab xizmatlar shular jumlasidandir. Shuningdek, ushbu markazlarda doimiy ravishda xorijiy etkazib beruvchilarning yangi texnologiyalarini namoyish etish ishlari tashkil etiladi va fermerlar shu erning o`zida shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo`ladilar".

Uchrashuv davomida 2021 yilda o`tkazaladigan Oziq-ovqat tizimlari bo`yicha sammitda ushbu sohadagi mintaqaviy hamkorlikni hisobga olgan holda ishtirok etish masalasi muhokama qilindi.

Yig`ilish chog`ida vazir Xodjaev Evropa va Markaziy Osiyo uchun Barqaror oziq-ovqat tizimlari bo`yicha maxsus ishchi koalisiya (BOT-MIK) ishida faol ishtirok etishga O`zbekiston tayyor ekanligini ta`kidlab o`tdi. BOT-MIK tomonidan ishlab chiqilayotgan materiallar barqaror oziq-ovqat tizimlariga umumiy yondashuvni, shuningdek Sammit yakuniy deklarasiyasining asosiy qoidalarini ishlab chiqishga yordam beradi.

Boshqa yangiliklar