AsosiyJamiyat

Sirdayoda soliqchi ortiqcha to`lagan QQSni qaytarish uchun tadbirkordan 1000 AQSh dollari pora so`radi

'Sirdayoda soliqchi ortiqcha to`lagan QQSni qaytarish uchun tadbirkordan 1000 AQSh dollari pora so`radi'ning rasmi

DXX matbuot xizmati joylarda korrupsiya va firibgarlik  bilan shug`ullangan shaxslarni ushlangani haqida xabar berdi. 

Unga ko`ra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani bo`limi boshlig`i o`rinbosari mahalliy MChJ rahbarini tosh maydalash sexi faoliyatini amalga oshirishda “Sirdaryo” suv iste`molchilari uyushmasi hududiga tosh-shag`al to`kib, qishloq ho`jaligi ekin maydonlariga zarar etkazganligi uchun 232 mln so`m jarima dalolatnomasi rasmiylashtirish bilan qo`rqitadi va jarima solmaslik evaziga undan 5 ming AQSh dollari talab qiladi.  

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur mansabdor shaxs so`ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.  

Boshqa holatda esa Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasida bo`lim boshlig`i lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs mahalliy MChJlardan biri tomonidan 2020 yil uchun 230 mln so`m ortiqcha to`langan qo`shilgan qiymat solig`ini ushbu jamiyat hisob raqamiga qaytarib berish evaziga, uning hisobchisidan 1000 AQSh dollari va 900 ming so`m olgan vaqtida ushlandi.

Jizzax viloyati G`allaorol tumanidagi suv iste`molchilari uyushmalaridan birining raisi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirish orqali, unga uyushma hududidan g`allachilikka ixtisoslashgan 3 gektar suvli hamda 20 gektar lalmi er maydonlarini bir mavsum mobaynida dehqonchilik bilan shug`ullanishi uchun berish evaziga 50 mln so`m talab qiladi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs so`ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Buxoro viloyati Buxoro tumanida yashovchi fuqaro aldov yo`li bilan o`zganing  ishonchiga kirib, unga mazkur tuman hokimligi zaxirasida bo`lgan 10,8 sotix er maydonini mansabdor tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilib, evaziga 23.500 AQSh dollari so`raydi.

DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda firibgar shaxs so`ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi shaxs muqaddam o`zi rahbarlik qilgan fermer xo`jaligining hozirda tuman hokimligi zaxirasiga olingan er maydonining 50 sotixini tanishlari orqali issiqxona qurish va sholichilik bilan shug`ullanish uchun ajratib berish evaziga mahalliy fuqarodan 10 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming dollarini olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.  

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar