AsosiyJamiyat

Prezident farmoni bilan 140 nafar fuqaro afv etildi

'Prezident farmoni bilan 140 nafar fuqaro afv etildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Navro`z” umumxalq bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag`rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo`lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi Farmonni imzoladi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot  agentligi xabar berdi

Farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o`tayotgan hamda qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan 140 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan to`liq ozod etildi, 69 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 59 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 12 nafarini chet el fuqarosi, 9 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 13 nafarini ayol hamda 14 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxs tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishlari, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishlari uchun ularga ko`mak berish bo`yicha mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Boshqa yangiliklar