AsosiyJamiyat

Aviachiptalar sotib olish talablarini soddalashtirish yuzasidan “Uzbekistan Airways”ga senator so`rovi yuborildi

'Aviachiptalar sotib olish talablarini soddalashtirish yuzasidan “Uzbekistan Airways”ga senator so`rovi yuborildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to`siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining qabul qilinishi davlat organlarida eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish, shu jumladan, hujjatlar aylanmasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish darajasini yangi bosqichga ko`tardi.

Biroq aholi bilan muloqotlar, joylardagi o`rganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlari va huquqni qo`llash amaliyotining tahlili “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyatida, ayniqsa, aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotganini ko`rsatmoqda. Xususan, “O’zbekiston havo yo’llari” aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug`i bilan tasdiqlangan Yo`riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o`rinsiz, mantiqsiz to`siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Mazkur Yo`riqnomaning 3.1 bandiga muvofiq, agar fuqarolarimiz “Uzbekistan Airways”ga qarashli kassalardan o`z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo`lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinmoqda. Aks holda fuqarolarga aviachipta sotilmayapti. Oqibatda bu holat, ayniqsa, yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda va yo`lovchilarning haqli e`tirozlari kundan-kunga ko`paymoqda.

Biroq “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining “uzairways.online” sayti orqali onlayn tarzda fuqarolik pasportining seriya raqami va amal qilish muddatlarini ko`rsatgan holda aviachiptani qonuniy asoslarda sotib olish imkoniyati mavjud.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda mamlakatimiz aholisini ortiqcha va sun`iy to`siqlardan, sansalorlikdan xalos qilish, shuningdek, aviachiptalar savdosidagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Q.Burxanov “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. I.Maxkamovga senator so`rovi yubordi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi. 

Unda “O’zbekiston havo yo’llari” aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug`i bilan tasdiqlangan Yo`riqnomaga aviachiptalar sotib olish bo`yicha belgilangan talablarni soddalashtirishga qaratilgan tegishli o`zgartishlar kiritish choralarini ko`rish va natijasi yuzasidan ma`lumotlar taqdim etish so`ralgan.

    Boshqa yangiliklar