O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi «2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo`shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko`chirish to`g`risida»gi PF-6122-sonli Farmoniga muvofiq, «21 mart - Navro`z umumxalq bayrami» munosabati bilan joriy yilning 19-23-mart kunlari aholining dam olish kunlarini maroqli tashkil etish, ichki turizm yo`nalishida sayohatlarga jalb etish maqsadida, quyidagi yo`nalishlarda imtiyoz va aksiyalar tashkil etiladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Axborot xizmati xabar berdi.
1. Turizm sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari tashabbusi bilan respublikadagi 278 ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari hamda 141 ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlarga 50 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.
2. Mamlakat ichida hududlararo qatnovchi transport vositalari bo`yicha: “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 20-22 mart kunlari respublikaning barcha ichiki qatnovlariga chegirmalar e`lon qiladi:
- mustaqil (individual) yo`lovchilar uchun - 30%;
- sayyohlik (turistik) guruhlar (5 va undan ortiq kishi), maktab o`quvchilari, kollej, lisey, oliy ta`lim muassasalari talabalari, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo`mitasi, Davlat soliq qo`mitasi va boshqa idoralar tizimi maxsus o`quv yurtlari talabalari va tinglovchilari uchun - 40%;
- oila (2 va undan ortiq kishi, ya`ni: er va xotin, er va xotin va ularning 18 yoshgacha bo`lgan farzandlari, 18 yoshgacha bo`lgan farzandlari bo`lgan ota yoki 18 yoshgacha farzandlari bo`lgan ona) uchun - 50%;
- nafaqaxoʻrlar uchun - 50%;
- nogironligi bo`lgan shaxslar uchun - 50%;
- 1941-1945-yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun - 50%;
- 1941-1945-yillardagi urush davrida frontortida fidokorona mehnati va beg`ubor harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar uchun - 50%;
- Chernobil AESidagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlar uchun - 50%. «O`zbekiston temir yo`llari» AJ tomonidan tomonidan 20-22 mart kunlari respublikaning barcha ichki qatnovlariga chegirmalar e`lon qiladi: nafaqaxo`rlar, nogironligi bor shaxslar, shu jumladan 1941-1945 yillar urush qatnashchilari va nogironlari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga – 50%;
- bolaligidan 16 yoshgacha bo`lgan nogironlar va nogironlarni kuzatuvchi shaxslar, o`qishga ketayotgan talabalar, fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish idoralaridan moddiy yordam belgilangan kam ta`minlangan oilalar, talabalar, maktab, kollej, lisey o`quvchilari, IIV, MV, DXX, DSQ va DBX tizimidagi o`quv muassasalari tinglovchilariga – 15 %;
- oilalar, kollektiv guruhdagilarga – 15 %;
- «Afrosiyob» elektro poezdiga – 10%.
“Uzavtovokzal Servis” Davlat unitar korxonasi hamda "UzAutoTrans Service" mas`uliyati cheklangan jamiyati fuqarolarni Navro`z umumxalq bayrami bilan tabriklab, "UzAutoTrans Service" mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo`lgan barcha yo`nalishlarda 2021 yilning 20, 21 va 22 mart kunlari uchun 10 % (foizlik) chegirma bilan chipta sotilishini e`lon qiladi!
3. Turizm maskanlariga kirish chiptalari uchun (ziyoratgoh, madaniy meros ob`ektlari, muzey va boshqa) chegirmalar, o`tkaziladigan tadbirlar, sayohat dasturlari:
«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan 189 ta ziyoratgohlarga kirish chiptalari uchun 50% gacha imtiyozlar belgilangan.
Madaniyat vazirligi tomonidan 46 ta madaniy meros ob`ektlariga (44 tasida 30% gacha chegirma, 2 tasiga kirish bepul), 33 ta muzeylarga (19 tasida 30% gacha chegirma, 12 tasiga kirish bepul) kirish uchun imtiyozlar belgilangan.
Shuningdek, sayohatlarni yanada mazmunli tashkil etish maqsadida, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan:
- respublikaning 14 ta hududi bo`yicha ziyoratgohlar va qadamjolarni o`zaro bog`lagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqildi;
- ichki turizm yo`nalishidagi 296 ta turoperatorlar va 681 ta gidlar ro`yxati shakllantirildi; hududlarning o`ziga xos tayyorlanadigan milliy taomlar haqida ma`lumotlar va tayyorlaydigan ovqatlanish shoxobchalari va Respublikadagi hududlar kesimda turizm maskanlari ro`yxati (365 ta) shakllantirildi.
Sayohat davomida xavfsizlik va salomatlikni asrash hamda sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy rioya etgan holda aholi gavjum va jamoat joylarida, umumiy ovqatlanish ob`ektlarida (restoran, kafe, oshxona, choyxona), shuningdek, mehmonxonalar, mehmon uylari va turizm maskanlarida (muzeylar, ziyoratgohlar va savdo majmualari) ijtimoiy masofani saqlash zarurligi tavsiya etiladi.






