Respublika maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan O`zbekistonga kirib kelish bo`yicha yangi tartib o`rnatildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi xabar berdi.
Belgilangan yangi tartibga ko`ra:
- O`zbekiston Respublikasiga havo, temir yo`l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan o`z hisobidan aeroport, temir yo`l vokzali yoki chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasi antigenini aniqlash ekspress test olish tartibi 2021 yilning 15 martidan boshlab bekor qilindi;
- havo va temir yo`l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O`zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo`l qatanoviga ro`yxatdan o`tishdan oldin, so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR (polimera zanjiri reaksiyasi) orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatgichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;
- avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR (polimera zanjiri reaksiyasi) orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatgichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo`lmagan hollarda chegara o`tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan ma`lumotnoma taqdim etilgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi;
Bunda:
Koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo`lishi talab etiladi hamda va temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tishdan oldin tegishli avia yoki temir yo`l kompaniyalari xodimlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi hududida esa, tegishli aeroport, temir yo`l vokzali hamda avtoyo`l chegara o`tkazish punktlarida faoliyat ko`rsatuvchi sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan nazorat qilinadi. Avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi natijasida musbat natija qayd etilgan hollarda belgilangan tartibda tegishli hududda joylashgan tibbiyot muassasalariga yuboriladi.
O`zbekiston Respublikasining So`x tumani, Shoximardon, Cho`nqara Toshtepa aholi punktlariga kirishda hamda ulardan O`zbekiston Respublikasi tomon tranzit tarzida borayotgan O`zbekiston va Qirg`iziston fuqarolaridan koronavirus infeksiyasiga barcha turdagi test tahlillarini topshirish talab etilmaydi.
2021 yilning 25 martidan boshlab xorijiy mamlakatlardan O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilardan faqat tan olingan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tkaziladi yoxud avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o`tkazmasdan kiritiladi. Bunda, Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan tan olingan laboratoriyalarning (kamida 10 ta) ro`yxati shakllantiriladi. Shuningdek, mamlakatga kirish vizasini rasmiylashtirishning markazlashtirilgan elektron tizimida viza olish uchun arizalar qabul qilinishi qayta yo`lga qo`yiladi.
Shu bilan birga, Respublika hududiga kirib kelish bo`yicha o`rnatilgan tartib bilan bir qatorda fuqarolar tomonidan tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, dezinfeksiya ishlarini o`tkazib borish talabiga rioya qilish belgilandi.






