AsosiyJamiyat

Namanganda 6 tonnalik sumalak tayyor bo`ldi

'Namanganda 6 tonnalik sumalak tayyor bo`ldi'ning rasmi

Namanganning Afsonalar vodiysida 7 tonnalik doshqozonda qaynagan Navro`z taomi sumalak erta tongda tayyor bo`ldi.

Bog`da bayram shukuhi hukmron. Butun vodiy shu erda jam bo`lgan. Shuningdek, mamlakatimizning barcha hududlaridan, qo`shni respublikalardan mehmonlar tashrif buyurgan.  

Teatr jamoalari, folklor ansambllar, turli badiiy jamoalar, dorbozlarning chiqishlari ayyomga o`zgacha shukuh bag`ishlamoqda. Chor-atrofda bolalar varrak uchirgan, boshqa tomonda xalq o`yinlari, turli musobaqalar o`tkazilmoqda.

Quvalik dizayner-ateler Xolida To`raeva 10 nafar shogirdi bilan milliy hunarmandchilik ko`rgazmasida qatnashmoqda.

– Bayram tantanasida tashkil etilgan ko`rgazmada shogirdlarim bilan tayyorlagan milliy liboslarimizni namoyish etyapmiz, - deydi Xolida To`raeva. – Barchaning kayfiyati chog`, sayl ko`tarinki ruhda o`tmoqda.  

Namangan shahrining Bunyodkor mahallasidagi bunyodkorlik ishlarida ko`mak berayotgan G`urumsaroydagi harbiy qismning 75 nafar askar va zobitlari ham shu erda. Ular bayramni munosib nishonlashlari uchun barcha sharoit yaratib berildi.  

Bayram doirasida 10 nafar kam ta`minlangan oila farzandlarining xatna to`yi o`tkazildi. Bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan velosiped, sovg`a-salomlar tuhfa etildi.

Tantananing asosiy taomi – 20 nafar kayvoni onaxon tomonidan tayyorlangan 6 tonna 200 kilogrammlik sumalak bog`ga tashrif buyurgan mehmonlarga, Mehribonlik va Saxovat uylariga  tarqatildi.

    Boshqa yangiliklar