O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibini belgilash to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Qaror bilan xalq ta`limi sohasida navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish munosabatlarini tartibga solish hamda tadbirkorlik sub`ektlarini yanada rag`batlantirish va qo`llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Quyidagilar:
- Navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibi to`g`risida nizom;
- Navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat byudjeti mablag`laridan subsidiyalar ajratish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlanadi.
Moliya vazirligi navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim maktablarini ishonchli boshqaruvga olgan xususiy sektor vakillariga belgilangan tartibda byudjet subsidiyalari ajratilishini ta`minlaydi.
Belgilanishicha, xalq ta`lim muassasalari bino-inshootlari va er uchastkalarini ta`lim sohasidan boshqa maqsadlarda yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi qat`iyan taqiqlanadi.
Bunda, mazkur band talablari faoliyat yo`nalishi bo`yicha foydalanilmayotgan, Xalq ta`limi vazirligi tomonidan xalq ta`limi sohasida foydalanish maqsadga muvofiq emas deb topilgan bo`sh turgan davlat ko`chmas mulk ob`ektlari hamda er uchastkalariga tatbiq qilinmaydi.
Nizom Fuqarolik kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida joylashgan navbatlilik koeffisienti past, ya`ni umumta`lim muassasasi quvvatiga nisbatan to`lganlik koeffisienti 0,7 dan past bo`lgan umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruv asosida xususiy sektor vakillariga berish tartibini belgilaydi.
Umumta`lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruvga berish Xalq ta`limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruv asosida topshirilayotgan umumta`lim muassasalarini saqlash uchun, jumladan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, kommunal to`lovlari va boshqa zarur xarajatlar moliyalashtirilishi qaror ilovasi bilan tasdiqlangan “Navbatlilik koeffisienti past bo`lgan umumta`lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat byudjeti mablag`laridan subsidiyalar ajratish tartibi to`g`risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruv asosida umumta`lim muassasalarini boshqaruvga olgan yuridik shaxslar (ishonchli boshqaruvchi) ishonchli boshqaruv to`g`risidagi bitimda nazarda tutilmagan faoliyat turlari bilan shug`ullanishi qat`iyan taqiqlanadi.
Umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish nizom ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berishda vazirlik o`z sayti va ijtimoiy sahifalarida quyidagilarni o`z ichiga oluvchi e`lon joylashtiradi:
- ishonchli boshqaruvga beriladigan umumta`lim muassasalari ro`yxati;
- umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish shartlari;
- umumta`lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga olish istagida bo`lgan talabgorlar tomonidan vazirlikka taqdim etilishi kerak bo`lgan hujjatlar ro`yxati.
E`lon vazirlik saytida joylashtirilgan kundan boshlab 30 kalendar kuni mobaynida turadi.
Talabgorlar vazirlik tomonidan joylashtirilgan e`longa muvofiq umumta`lim muassasasini ishonchli boshqaruvga olish yuzasidan loyiha taklifini (e`londa ko`rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda) vazirlikka ko`rib chiqish uchun taqdim etadi.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflari to`liqligi va to`g`riligiga talabgorlar shaxsan javobgar hisoblanadi.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`ridan to`g`ri muzokaralar davomida amalga oshirilishi mumkin.






