AsosiyJamiyat

Yurtimizda qasddan odam o`ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshi o`zgaradi

'Yurtimizda qasddan odam o`ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshi o`zgaradi'ning rasmi

 O`zbekiston Prezidentining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta`minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo`yildi.

Loyihada Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo`yicha Milliy markaz bilan birgalikda Jinoyat va Jinoyat-prosessual kodekslariga:

-   o`zboshimchalik bilan jazolash maqsadida shaxsga zo`rlik ishlatish yoki zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitish, urish, do`pposlash, qiynash, azob berish yo`li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o`tkazish (samosud);

-    voyaga etmaganlar jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, xususan, Jinoyat kodeksi 128- va 129-moddalari sanksiyalarini oshirish;

-    javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshi 14 yosh etib belgilash;

-   o`n sakkiz yoshga to`lgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun voyaga etmagan shaxs jazoni o`tab bo`lganidan so`ng sudlanmagan deb hisoblash;

-   voyaga etmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so`roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda to`rt soatdan oshmasligi;

-    voyaga etmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so`roq qilishda voyaga etmagan shaxs yoki uning qonuniy vakili iltimosiga ko`ra psixolog ishtirok etishi kabi normalar bilan to`ldirishga oid o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinyapti.

Xotin-fizlar va voyaga etmaganlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlash, ushbu yo`nalishda faoliyatni amalga oshiradigan vazirlik va idoralarning qo`shimcha vazifalarini belgilash, rahbarlariga shaxsiy javobgarlikni yuklash va boshqalar nazarda tutilmoqda.

Qarorning qabul qilinishi xotin-qizlar va bola huquqlarining himoya qilinishini ta`minlash, o`z joniga suiqasd qilish holatlarining barvaqt oldini olish, ushbu yo`nalishda ishlovchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning bu boradagi mas`uliyatini kuchaytirishga ko`maklashadi.

Loyihaning ishlab chiqish jarayonida Amerika Qo`shma Shtatlari, EI mamlakatlari, shu jumladan Germaniya, Fransiya, Vengriya, Polsha, Daniya, MDH mamlakatlari, jumladan Rossiya, Belarus, Moldova va Qozog`iston kabi xorijiy davlatlar amaliyoti o`rganilgan.

Boshqa yangiliklar