Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev O`zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga tabrik yo`lladi.
Qadrli vatandoshlar! Hurmatli mahalla tizimi xodimlari va faollari!
Avvalo, siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o`zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildiraman.
Mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan ushbu bayram yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi – Navro`z tantanalari davom etayotgan mana shunday shukuhli kunda o`tkazilayotganida o`ziga xos ramziy ma`no bor.
Mahalla – asrlar osha milliy urf-odat va an`analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo`shnichilik va hamjihatlik maskani bo`lib kelmoqda.
Biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg`un bo`lib yashashga o`rgatib, bag`rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o`rtasidagi ishonchli ko`prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.
Ayni paytda, yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qat`i nazar, o`z hayotini, quvonchu tashvishlarinimahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.
Shu bois, biz keyingi to`rt yilda mahalla institutiga milliy davlatchiligimizning asosiy quyi bo`g`ini sifatida qarab, uning jamiyat boshqaruvidagi o`rni va rolini oshirishga qaratilgan keng ko`lamli va puxta o`ylangan islohotlarni amalga oshirayotganimizdan barchangiz yaxshi xabardorsiz.
Bu davrda soha rivojiga doir 50dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, har bir hududda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilganini alohida qayd etish lozim.
Yurtimizda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, muhtaram nuroniylarimizning ijtimoiy faolligini oshirish, fuqarolar yig`inlarining jamiyatdagi mavqei va ta`sirini kuchaytirishga ko`maklashish maqsadida Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Fuqarolar yig`inlari raislarining huquq-tartibot, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma`naviy hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo`yicha o`rinbosarlari lavozimi joriy qilindi. Soha xodimlarining mehnatini rag`batlantirish maqsadida ularning oylik maoshlari 3baravarga oshirildi, mahalliy o`zini o`zi boshqarish idoralari faollari hamda keng jamoatchilik vakillari uchun «Mahalla iftixori» ko`krak nishoni ta`sis etildi.
Fuqarolar yig`inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 1 ming 163ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 3 ming 612tasi rekonstruksiya qilindi va ta`mirlandi. 110ta tuman va shaharda «Mahalla markazi» majmualari barpo etildi, 4 ming 319ta mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.
Soha xodimlarining jamiyatimizda ma`naviy muhit barqarorligini, millatlararo do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Ayniqsa, mahalla faollarining pandemiya davrida ko`rsatgan chinakam jonbozliklari, xususan, sinovli kunlarda odamlar holidan xabar olish, kam ta`minlangan oilalarni qo`llab-quvvatlash, muhtojlarga mehr-muruvvat ko`rsatish, aholi bandligini ta`minlash singari g`oyat muhim va dolzarb masalalarda davlatimizga mustahkam tayanch bo`lib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan ta`kidlaymiz.
Jumladan, bu davrda mahalla faollari tomonidan 700mingga yaqin fuqaroning bandligini ta`minlash, 60mingdan ziyod yurtdoshlarimizni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish, imkoniyati cheklangan 754mingdan ziyod oilalarning tomorqalaridan samarali foydalanishga amaliy yordam ko`rsatilganini alohida e`tirof etish zarur.
Mahallalarda hashar yo`li bilan 164mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarning xonadonlari ta`mirlanib, 1000 ga yaqin kambag`al oilalarga uy-joylar qurib berilgani, 10 ming kilometrga yaqin ichki yo`llar va 644ta ko`prik ta`mirlangani, 339ta ko`prik yangidan qurilgani, qariyb 2ming kilometr uzunlikda ichimlik suvi tortilgani va 1ming300ga yaqin nasoslar o`rnatilganida sizlarning katta hissangiz bor.
Jamiyatda sog`lom ma`naviy muhit asoslarini mustahkamlash maqsadida o`tgan yili mahalla faollari ko`magida ajralish yoqasiga kelib qolgan 21mingga yaqin oila yarashtirilgani, 16mingdan ziyod oilaning notinchligiga barham berilgani, 5 mingga yaqin mahallada jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmagani, namunali mahallalar soni 1 ming 704taga etgani albatta tahsinga loyiqdir.
Aziz do`stlar!
Bugungi keskin va shiddatli globallashuv davrida yurtimizda o`zaro ahillik va totuvlik, mehr-oqibat va bag`rikenglik tamoyillarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylashda mahallalarning o`rni va nufuzi tobora ortib bormoqda.
Ayni paytda ushbu tizimning nufuzi va faoliyati samarasini kuchaytirish, uni fuqarolar o`z fikri va dardini, taklif-tavsiyalarini erkin aytadigan, muammosiga echim topadigan chinakam xalqchil idoraga aylantirish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqimizda: «Bir bolaga etti mahalla ota-ona», degan gap bejiz aytilmagan. Farzandlarimizning ma`naviy barkamol insonlar bo`lib voyaga etishi, yosh oilalarning mustahkam oyoqqa turib olishida ushbu tuzilmaning rolini yanada oshirish, «Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy» tamoyili asosida boshlangan ezgu ishlarimizni izchil davom ettirish bugungi kun talabidir.
Mahalla raisi faol islohotchi sifatida, avvalo, zamon bilan hamqadam bo`lishi, o`z bilim va malakasini doimiy oshirib borish haqida o`ylashi, «Obod mahalla», «Obod ko`cha», «Obod xonadon» mezonlarini hayotga tatbiq etish, turli ijtimoiy muammolarni hal qilish, ishsizlik va kambag`allikni qisqartirish, mahallalarni tadbirkorlik markazlariga aylantirish choralarini ko`rishi darkor.
Xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulug`vor maqsadga erishish yo`lida biz islohotlarni »mahallabay» asosda amalga oshirish, barcha qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga birinchi darajali e`tibor qaratmoqdamiz.
Ayni vaqtda aholining ehtiyojmand qatlami bilan manzilli ish olib borish, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yurtdoshlarimiz muammolarini »xonadonbay» hal etishda, hech shubhasiz, mahalla organlari muhim o`rin tutadi.
«Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» degan muhim tamoyilni amalga oshirishda biz avvalo mahalla tizimiga, mahalla faollari va fidoyilarining ulkan salohiyatiga tayanamiz.
Biz mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Shu borada bir fikrni ta`kidlab aytmoqchiman:
Mahalla obod bo`lsa – yurt obod bo`ladi. Mahallada o`zgarish bo`lsa – butun jamiyat o`zgaradi.
Hurmatli mahalla tizimi xodimlari!
Muhtaram faxriylarimiz!
Xalq ishonchini oqlash, unga munosib bo`lish – dunyodagi eng ulug` baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf hammangizga nasib etsin!
Sizlarni bugungi qutlug` bayram bilan yana bir bor muborakbod etar ekanman, barchangizga mustahkam sog`liq, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas`uliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman, — deydi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti.
21.10.2022, 13:45
Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...13.10.2022, 11:20
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...29.08.2022, 11:46
Avval xabar qilganimizdek, Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Urganch shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga...17.08.2022, 16:42
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai munavvara ziyoratidan boshladi. O`zbekiston rahbari Madina...