Mirzo Ulug`bek vafotidan keyin ma`lum muddat o`tgach, uning rasadxonasi ham buzilib, joylashuv o`rni haqida biror nishona ham qolmaydi.
Yillar o`tib Mirzo Ulug`bekning asarlari dunyoga yoyilgach, turli Evropa mamlakatlari vakillari Ulug`bek erishgan natijalarning aniqligi va mukammalligidan hayratga tushib, ushbu ma`lumotlar qo`lga kiritilgan joy va muhit haqida bilishga qiziqishlar paydo bo`ladi.
O`z davrida Samarqandga kelgan angliyalik A.Borne mahalliy aholining gaplariga tayanib, rasadxonani Registon maydonida bunyod etilgan Mirzo Ulug`bek madrasasi o`rnida bo`lganligini aytsa, 1863 yilda Samarqandga darvesh ko`rinishida sayohatga kelgan vengriyalik A.Vamberi mahalliy aholi vakillari unga hattoki rasadxona joylashuv o`rnini ko`rsatishganini, lekin rasadxonadan biror iz bo`lmaganligi sababli u ham aniq ma`lumot to`play olmaganligini ta`kidlaydi.
Rasadxona joylashuvi haqidagi aniq ma`lumotlar XIX asr oxiri XX asr boshlarida olib borilgan izlanishlar natijasida qo`lga kiritiladi. Ushbu bino haqida aniq ma`lumotlarni to`plash 1895-1917 yillarda Toshkentda faoliyat yuritgan V.Bartold boshchiligida o`z tarkibiga ko`plab o`lkashunos tarixchilarni jamlagan «Turkiston havaskor arxeologlar jamoasi» vakillarini ham qiziqtirgan.
Ushbu jamoa vakillari V.Nalivkin va V.Stratonovlar ham rasadxona haqidagi o`z taxminlarini ilgari suradi. Rasadxona haqidagi aniq ma`lumotlar ushbu jamoa a`zosi V.Vyatkin va samarqandlik Abu Said Mag`zum tomonidan aniqlanadi.
Abu Saidning Qo`qon xonligi arxivida saqlanayotgan hujjatlarni o`rganish jarayonida XVII asrga tegishli hujjatdagi ma`lumotlar orasida Tal-i rasad haqidagi ma`lumotlarni o`qib qolib, gap Mirzo Ulug`bek rasadxonasi qurilgan tepalik haqida ketayotganligini anglaydi va hujjatni Vyatkinga taqdim etadi. Vyatkin ushbu hujjatdagi ma`lumotlarni o`zida mavjud Z.Boburning «Boburnoma» asaridagi, Abu Tohirxojaning «Samariya» risolasida keltirilgan ma`lumotlar bilan taqqoslab ushbu hujjatdagi ma`lumotlar aynan rasadxona joylashuv o`rni haqida ekanligiga amin bo`ladi va to`plangan ma`lumotlar asosida 1908 yilda Vyatkin boshchiligida qazish ishlari boshlanadi. Mirzo Ulug`bek rasadxonasida ishlatilgan, Vyatkin tomonidan bu uskuna kvadrant uskunasi bo`lishi mumkinligi taxmin qilingan uskunaning saqlanib qolingan er osti qismi qazib ochiladi. Vyatkin tomonidan amalga oshirilgan ishlar olamshumul voqea sifatida baholanib, o`sha davr matbuotida asosiy e`tibor qaratilgan mavzuga aylanadi.
Ulug`bek haykalini u yashab, ijod etgan Samarqand shahrida qo`yish taklifi ilgari suriladi. Mirzo Ulug`bekka haykal o`rnatish fikri olimlar tomonidan ham turlicha qabul qilindi. Masalan, N.Veselovskiy ushbu g`oyani qo`llab-quvvatlagan bo`lsa, V.Bartold ushbu mablag`ni Mirzo Ulug`bek rasadxonasini kelajak avlod uchun saqlab qolish choralarini ko`rishga sarflash taklifini kiritadi.
Bu fikr ko`pchilikka ma`qul tushib, yig`ilgan mablag` ta`mirlash ishlari uchun sarflanadi. 1914 yili Ulug`bekka haykal o`rnatish maqsadida rus astronomik jamiyati tomonidan yig`ilgan mablag`ga rasadxona tepaligining usti (50 metrli diametrga ega bo`lgan maydon) tekislanadi. 1915 yili injener Lebedevning loyihasiga ko`ra, sekstantning qazib ochilgan qoldiq qismining tepasiga yoyli gumbaz quriladi.
Hozirgi kunda ham rasadxonaning ushbu qismi Samarqandda mavjud bo`lib, binoning ro`parasida ochilgan muzey binosida rasadxonaning tarixi va ish jarayonlari haqida ma`lumotlar berilgan.
A.Umarov,
Mirzo Ulug`bek muzey-majmuasi katta ilmiy xodimi.






