Mamlakatimiz ahli so`nggi haftani xavotirda o`tkazgani rost. Xuddi o`tgan yilgidek 15 martda koronavirus balosi yana bosh ko`targani ko`pchilikni o`ylantirib qo`ydi. Qat`iy karantin qayta yo`lga qo`yilish ehtimoli qay darajada?
Agar karantin qaytarilsa, oldingi usullar qo`llaniladimi?
Shu va boshqa qator savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o`rinbosari Nurmat Otabekov bilan suhbat o`tkazildi.
– Bugun ko`pchilikni qiynayotgan savol – qat`iy karantinga qaytiladimi? Agar qaytilsa, undagi choralar o`tgan yildagidek bo`ladimi?
– Bugun karantin qoidalarini o`tgan yilgidek qat`iy va keskin darajada qayta tiklashga biror asos yo`q. Sababi, kasallanish ko`rsatkichlari so`nggi 3 oy ichida past darajalarda bo`lib keldi, hozir birmuncha yuqori bo`lsa ham, bu karantin cheklovlarini kuchaytirishga asos bo`ladigan darajada emas. Negaki kasallanish Toshkent hududi ko`proq qayd etilayapti. Bu hududda ham bolalar ulushi ortyapti. O`tgan yili koronavirus pandemiyasi davrida umumiy kasallanishlar orasida bolalar ulushi 5-7 foiz bo`lsa, hozirgi kunda bu ko`rsatkich 25 foizdan ortib ketdi.
Shuning uchun ham Toshkent shahrining ayrim tumanlaridagi maktablar ta`limi onlayn tartibiga o`tkazildi. Hozir ta`til davom etayapti va ularning yakuniga qadar biz kasallikning tarqalish zanjirini uzishga muvaffaq bo`lishni rejalashtirayapmiz.
Mabodo vaziyat ijobiy tomonga o`zgarmasa, ta`tillar muddatini uzaytirish masalasini o`ylab ko`ramiz.
Bir narsaga aniqlik kiritib olishimiz kerak – karantin hali bekor qilingani yo`q, eng muhim va birlamchi himoya usullari hamon amalda.
Shunchaki biz o`zimizni juda bo`sh qo`yib yubordik, koronavirus hamon yonimizda ekanligini unutdik, o`zimizni go`yo kasallikdan qutilgandek tuta boshladik. Bu esa natijasini bermay qolmadi – kasallikka chalinish hollari ko`paya boshladi. Shu paytda maxsus komissiya qaroriga binoan epidemik vaziyat murakkablasha boshlagan Toshkent shahrida karantin choralari yana bir bor eslatib qo`yildi. Bu eslatmalarni o`tgan yilgidek qat`iy karantinga qaytish deb baholash noo`rin.
Endi o`tgan yil bilan boshqa jihatlarni solishtiradigan bo`lsak, 2020 yilda koronavirus nafaqat bizga, balki butun insoniyatga noma`lum kasallik edi, uni samarali davolash, cheklash va himoyalanish usullari to`la o`rganilmagan edi.
Bu yilga kelib ham tibbiyot tizimi, ham aholi koronavirus xavfini yaxshi tushunib oldi va undan himoyalanish choralarini ham yaxshi biladi. Agar bu yil ham karantin joriy qilinadigan bo`lsa, o`tgan yilgidan farq qiladi. O`tgan yili karantinda tatbiq etilgan cheklov tadbirlari noma`lum kasallikka qarshi kurashish uchun bo`lgan bo`lsa, endi u haqida to`liq tasavvurga egamiz.
Nafaqat Covid-19’ning o`zi, balki uning mutasiyaga uchragan shtammlari haqida ham bilamiz. Shu bois bizda o`ziga xos ogohlik, hushyorlik immuniteti shakllandi.
Qolaversa, aholining ma`lum bir qatlami ushbu virusga chalinishi oqibatida immunitet hosil qildi. Demak ko`riladigan choralar ham o`tgan yilgidan farq qiladi, qat`iy karantin holatiga qaytiladi, deb o`ylamayman.
– Britancha shtammning kirib kelishi ham ko`pchilikni sarosimaga soldi. Ayni paytda koronavirusning bu shtammi alohida o`rganilayaptimi?
– Bugunga qadar koronavirusning 5 mingdan ortiq shtammlari, mutasion variantlari aniqlangan. Hozirgi kunda innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan sekvinirlash yo`li bilan britancha yoki boshqa shtamm ekanligini aniqlash mumkin. Hozirda ham har bir holatda ilg`or texnologiyalar markazida tahlil qilinayapti.
Lekin britancha, afrikacha yoki brazilcha shtamm bo`lishidan qat`i nazar undan himoyalanish, profilaktika chora-tadbirlari va davolash usullari o`zgarmaydi. Xalqimizda bir naql bor – “Yoqib yuboriladigan ko`rpani tozalab o`tirish shart emas”, deyiladi. Demak qarshi kurashdagi usullarimiz o`zgarmas ekan, uning qanday shtamm ekanligiga urg`u berib, ortiqcha vaqt va resurs sarflashning hojati yo`q.
Kasallikning bolalarda uchrayotgani va tez tarqalayotgani britancha shtamm tarqalayotganining yaqqol omilidir. Buning o`rniga umume`tirof etilgan profilaktika chora tadbirlarga kengroq e`tibor berish kerak.






