“Fizika sohasidagi ta`lim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5032-son, 19.03.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adlyai vazirligi xabar berdi.
Qaror bilan 2021–2023 yillarda fizika fanlari bo`yicha ta`lim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini ta`minlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (Kompleks dastur) tasdiqlandi.
Fizika fani bo`yicha kadrlarni, xususan, qishloq joylardagi maktablarning o`qituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish Kompleks dasturning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
2021–2022 yillarda bosqichma-bosqich respublika hududlarida fizika faniga ixtisoslashtirilgan jami 28 ta tayanch maktabi tashkil etilib, ularga tegishli OTMning kafedralari biriktiriladi.
Shuningdek, 2021–2023 yillarda jami 175 ta maktabda fizika fani chuqurlashtirib o`qitiladigan sinflar tashkil etiladi.
2021/2022 o`quv yilidan:
➖ umumiy o`rta ta`lim muassasalarida fizika fani kengroq o`qitiladigan variativ o`quv rejasi joriy qilinadi;
➖ ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch o`quv rejada belgilangan o`quv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan o`qitiladi.
2021 yil 1 oktyabrgacha fizika fani o`qituvchilarining malakasini oshirish bo`yicha o`quv modullari ishlab chiqiladi.
2022 yil 1 yanvargacha:
● Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEM” fizika klublari tashkil etiladi;
● fizika fanidan bilimlarni baholash bo`yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
2021/2022 o`quv yilidan tajriba-sinov tariqasida 20 ta umumta`lim muassasasida “virtual laboratoriya” loyihasi ta`lim jarayoniga tatbiq etiladi.
2022 yil 1 sentyabrdan ixtisoslashtirilgan maktablarning fizika fani bo`yicha milliy sertifikatlash tizimida maksimal ballning 70 va undan yuqori foizini to`plagan fizika fani o`qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik ustama haqi 50 foiz miqdorida to`lanadi.






