AsosiyJamiyat

Farg`onada "Navro`z" xalq sayliga chiqqan fuqaro talonchilar hujumiga uchradi

'Farg`onada "Navro`z" xalq sayliga chiqqan fuqaro talonchilar hujumiga uchradi'ning rasmi

2021 yilning 21 mart kuni noma`lum shaxslar O`zbekiston tumani Yaypan shahri markazidagi istirohat bog`ida xalq saylini tomosha qilayotgan mast holatdagi 31 yoshli Abdurashid S.,ning qo`llarini orqaga qayirib, sog`ligi uchun xavfli bo`lmagan zo`rlik ishlatib, cho`ntagidagi narxi 150 000 so`mlik “Artel ” rusumli telefon apparati va 260 000 so`m pullarini talonchilik yo`li bilan qo`lga kiritib hodisa joyidan qochib ketganlar. Bu haqda  IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi. 

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 37 yoshli Ozodxo`ja A., va 34 yoshli Bobonazar U.,lar mast holatda sodir etganliklari, 260 000 so`m pulga spirtli ichimlik sotib olganliklari aniqlanib, “Artel ” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Ozodxo`ja A., va Bobonazar U.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari (Talonchilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, prosessual tartibda ushlanganlar.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta`kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko`ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

 

    Boshqa yangiliklar