“Aholi va tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to`siqlarni qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Farmon bilan 2021 yil 1 iyundan davlat xizmatlari ko`rsatish va ortiqcha tartib-tamomillarni qisqartirish bo`yicha quyidagi engilliklar yaratilmoqda:
7 ta turdagi fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug`ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o`lim, ism va familiyani o`zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni) qayd etish;
nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish;
xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishda FHDYo bilan bog`liq barcha ma`lumotlar fuqarolardan talab qilinmasdan elektron tizimi orqali olinadi.
Tadbirkorlik sub`ekti bo`lgan yuridik shaxslarning vakiliga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun yig`im va davlat bojini naqd pul shaklida to`lashga ruxsat berildi.
Shuningdek, xorijiy tijorat tashkilotlarining O`zbekistondagi vakolatxonasi xodimini akkreditasiya qilishda OITS kasalligi yo`qligi to`g`risidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilindi.
QR-kod (matrik shtrixli kod) orqali berilgan hujjatlar bo`yicha ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilindi. Endilikda ushbu hujjatlarning dublikatini YaIDXP orqali bepul olish mumkin.
400 dan ortiq qonun hujjatida belgilangan 17 turdagi ma`lumot va hujjatlarni aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinishi bekor qilindi, ushbu hujjatlar vakolatli davlat organi tomonidan “Elektron hukumat” platformasi orqali olinadi.
18 turdagi ma`lumotlarni va hujjatlarni idoralararo integrasiyalashuv platformasidan foydalangan holda “Elektron hukumat” tizimi orqali berish yo`lga qo`yiladi. Natijada aholining idorama-idora sarson bo`lib yurishi oldi olinadi.






