Ma`lumki, yurtimizda koronavirus bilan bog`liq epidemiologik vaziyat barqarorlashgan davrda qator yo`nalishlarda karantin cheklovlari yumshatilgan edi. Biroq ayni paytga kelib, kasallikka chalinganlar sonining oshishi hisobiga aholi gavjum bo`ladigan tadbirlarni biroz cheklashni sharoit taqozo qilmoqda.
Qator soha mutaxassislari va etakchi olimlarning takliflarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi so`nggi kunlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortganligi munosabati bilan mamlakatimizda keskin epidemiologik holat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida quyidagi takliflarni ma`qulladi:
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab O`zbekiston Respublikasi hududida:
- to`yxonalarda oilaviy tantana, to`y, ma`raka va marosimlarni o`tkazishda kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik nazoratni kuchaytirish va tashrif buyuruvchilar sonini 100 kishidan ko`p bo`lmagan holda o`tkazish;
- teatr, kino (kinoteatr) va konsert-tomosha dasturlarini tashkil etishda:
- tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarga tashrif buyuruvchi tomoshabinlar hamda xizmat ko`rsatuvchi xodimlarning qat`iy niqobda (maskada) bo`lishlarini ta`minlash;
- tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarning tomoshabin sig`imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmaslik;
- tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarning tomoshabin o`rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta`minlash;
- tomosha dasturlariga tashrif buyuruvchilarning tana xarorati nazoratini o`rnatish hamda tana xarorati ko`tarilgan shaxslarni dasturga ko`ymaslik;
- tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarda savdo shoxobchalari faoliyatini to`xtatish (niqob va antiseptik vositalar savdosi bundan mustasno);
- tomosha dasturlari bo`yicha tarqatilayotgan (sotilayotgan) chiptalarga “Fakat sog`lom bo`lsangizgina tashrif buyuring” yozuvini yozish orqali aholini ogohlikga chaqirish va boshqa tomoshabinlarga kasallik yuqib kolishining oldini olish choralarini ko`rish;
- tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarning kirish qismida tomoshabinlarning binoga tartibli kirishlarini ta`minlash maqsadida maxsus lentalar yordamida bir qatorli kirish va chiqish yo`laklarini o`rnatish tartibi belgilandi.
Tomosha dasturlari o`tkaziladigan saroylarda karantin qoidalariga rioya qilinishini ta`minlash bo`yicha mas`uliyat tashkilotchilar zimmasiga yuklatiladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi aholidan ayrim xorijiy mamlakatlarda bugungi kunda kuzatilayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq keskin epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatimizda shu kabi holatlarni qaytarilmasligi hamda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning faoliyatini tizimli tashkil etish uchun shaxsiy mas`uliyatni oshirishni so`rab qoladi.






