O`zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi Qonuniga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e`lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Ungi ko`ra, yangi alifboda o`, g` harflari, shuningdek, sh, ch qo`sh harflarini quyidagicha o`zgartirish taklif etilgan edi:
- «G`, g`» — «Ḡ, ḡ»
- «O`, o`» — «Ō, ō»
- «Sh, sh» — «Ş, ş»
- «Ch, ch» — «Ç ç»
Davlat tilini rivojlantirish departamenti muhokamalarga sabab bo`lgan ushbu Qonun loyihasi bo`yicha munosabat bildirdi.
Aytilishicha, tilshunos olimlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan mazkur Qonun loyihasi, avvalambor, tilimizning zamonaviy texnologiyalar bilan integrasiyalashuvi uchun qulaylik yaratish nuqtayi nazardan shakliy o`zgarishlarni nazarda tutgan.
" – Amaldagi O` yoki G` harflarini yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt 0145) tugma bosiladi. Turkiy tilli oilaga mansub o`zbek tilida bitta tovushni anglatuvchi Sh va Ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo`q. Xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham “bir tovushga – bir harf” tamoyiliga asoslangan.
Natijada, birinchidan, alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o`qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu o`z navbatida, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta`sir qilmoqda;
ikkinchidan, lotin yozuvida o`qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi (“o`” ning o`rniga “6”, “ch” ning o`rniga “4”, “sh” ning o`rniga “w”) dan foydalanish avj olgan;
uchinchidan, milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko`pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatlarini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo`lmoqda;
to`rtinchidan, alifbodagi murakkab harflar tufayli o`zbek tilini “raqamlashtirish”, internet tiliga aylantirish imkoni bo`lmayapti va h.k.
Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga to`liq o`tish vazifasi belgilangani, milliy alifbomizni qulaylashtirib, maksimal darajada soddalashtirish ehtiyojini yaratdi", — deyiladi bayonotda.
Ushbu loyihani ishlab chiqilishiga lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini takomillashtirish haqidagi O`zbekiston Prezidentining nutqlari va Farmonlarida belgilab berilgan vazifalar asos bo`lgani aytilgan.
Alifbodagi 4 ta harf o`zgarishi o`quvchi yoshlarning savodi darajasiga salbiy ta`sir qilmasligining ikkita jihati sanab o`tiladi. Ma`lum bo`lishicha, ayni paytda Milliy o`quv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Juda ko`p darslik va qo`llanmalar shundoq ham yangidan tayyorlanadi va chop etiladi. Shuningdek, darsliklar foydalanish muddati tugab, yangilari chop etilguncha amalda bo`ladi. Izoh berilishicha, darsliklarining foydalanish muddati o`rtacha 3 yil. Demak, 2023-yildan o`quvchilar to`liq yangilangan alifboda savod chiqaradi. Bu esa mamlakatda lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga to`liq o`tish muddatiga mos keladi.
Bundan tashqari Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan alifbodagi shakliy o`zgarishlarning o`quvchilar savodiga beshta ijobiy ta`siri keltirilgan.
birinchidan, zamonaviy gadjetlar klaviaturalarida o`zbek tilining barcha harflari bo`ladi;
ikkinchidan, davlat tilining raqamlashuvi tezlashib, internet tarmog`ida ta`lim portallari soni ortadi;
uchinchidan, transliterasiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o`girish va o`qish imkoni paydo bo`ladi;
to`rtinchidan, katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosi imlosini o`zlashtirishi tezlashadi, bu esa xalqimizning yagona yozuv atrofida jipslashuviga olib keladi;
beshinchidan, ona tilimiz tabiatiga mos, yurtimizdagi va xorijdagi millatdoshlarimizni yagona yozuv atrofida birlashtiradigan alifboga ega bo`lamiz va h.k.
" – OAV, fuqarolik hujjatlari, yo`l ko`rsatkichlar, peshlavhalar, ish yurituv hujjatlari kabilar Hukumatning 2021-yil 10-fevraldagi 61-son qaroriga muvofiq, sohaviy reja va dasturlar asosida bosqichma-bosqich 2023-yil 1-yanvargacha to`liq lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga o`tkaziladi.
Eng muhim jihati, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori 4-bandida lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish bilan bog`liq masalalar vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Ya`ni, alifboga shakliy o`zgarishlar kirgan taqdirda darslik va qo`llanmalar ijrochilar tomonidan har yili shakllantiriladigan reja asosida navbati bilan nashr etiladi.
Axborot kutubxona markazlarida amaldagi adabiyotlar alifbodagi shakliy o`zgarish tufayli foydalanishdan chiqarilmaydi (shu kunga qadar kutubxonalarda turgan kirill yozuvidagi adabiyotlar singari). Aksincha, yangi chop etilayotgan adabiyotlar bilan bosqichma-bosqich boyitib boriladi.
O`zgarishlar beradigan qulaylik tufayli bir yozuvdan boshqa yozuvga o`giradigan transliterasiya dasturlari kirill alifbosida chop etilgan adabiyotlarni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosidagi elektron ko`rinishlarini yaratish imkonini beradi, kutubxonalarning elektron fondi kengayishini ta`minlaydi.
Fuqarolikni tasdiqlovchi guvohnomalar, ID-kartalar, yashash guvohnomalarini takomillashtirilgan lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida bo`lishi ham xuddi o`quv adabiyotlari singari o`z navbati bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, alifbodagi o`zgarishlar ayrim harflarning shakliy ifodasini qulaylashtirishni ko`zda tutib, avvalo, tilimizni axborot kommunikasiya texnologiyalari bilan uyg`unlashuvini ta`minlaydi, shu bilan birga, navbatma-navbat bajariladigan tadbirlar orqali ijroga qaratiladi".O`zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida”gi Qonuniga o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi 2021-yil 31-martga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz)da turadi.
Loyiha yuzasidan tilimiz rivojiga befarq bo`lmagan har bir fuqaro o`z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Loyiha yuzasidan to`plangan jamoatchilik takliflari mamlakatdagi etuk tilshunos olimlar ishtirokida joriy yilning aprel oyi boshida o`tkaziladigan ilmiy anjuman kun tartibiga qo`yiladi, asosli taklif va tavsiyalar inobatga olinadi va yakuniy to`xtamga kelinadi" , – deyiladi munosabatda.