O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anievaning ish tartibi bugungi kunda doimgidan-da tig`izroq. 23 fevral kuni boshlanadigan konsert dasturi oldidan o`y-xayoli faqat konsertga puxta tayyorlanish va muxlislar oldidagi “imtihon”ni a`loga topshirishdadir. Ammo shunday bo`lsada xonanda “Darakchi” gazetasi uchun vaqt ajrata oldi...
— Kutilayotgan konsert dasturi vaqtingizni butkul band etgani ko`rinib turibdi.
— Har bir xonanda uchun yakkaxon konsert o`ta mas`uliyatli jarayon. Chunki biz bir yillik ijodimizning hisobotini topshiramiz. Ishonavering, bu oson ish emas.
— Konsert oldi sizni qanday muammolar qiynayapti?
— Shou-dastur mayda-mayda detallardan tashkil topgan yirik loyiha hisoblanadi. Biz bugun barcha muammolarni bartaraf etish uchun ijodiy guruhimiz bilan sutkasiga salkam 24 soat tinim bilmay ishlayapmiz.
— Bu galgi konsertingizda ham muxlislar uchun yangiliklar tayyorlab qo`ygan bo`lsangiz kerak...
— Konsert - bu syurpriz! Agar hozir aytsam, u syurpriz bo`lmay qoladi-ku (kuladi). Lekin bir sirni aytishim mumkin — uchta blokdan iborat dasturda o`tgan yillardagiga o`xshamagan sirk gimnastik harakatlarni bajaraman.
— Bunday ish tartibida farzandlaringizga qanday vaqt ajratyapsiz?
— Afsuski, bugun bolalarimga oldingidek ko`p vaqt ajrata olmayapman. Hozir bu meni eng qiynayotgan mavzu... Lekin muxlislarim oldidagi mas`uliyatni his etgan holda hozir ishga ko`proq vaqt ajratyapman. Bu vaqtinchaligini bolalarimga aytib, tushuntirishga harakat qildim. Egizaklarim meni tushunishadi degan umiddaman.
— Ish bilan bandligingizda farzandlaringizga kim g`amxo`rlik qilyapti?
— Juda tajribali va mas`uliyatli enagalarimiz bor. Ularga singlim ham ko`z-quloq bo`lib turadi.
— Konsert reklama bannerlaridagi suratingiz mas`ul tashkilotlar tomonidan tanqidga uchrab, biroz muammo tug`dirdi...
— Konsert bannerlaridagi suratimning birinchi ko`rinishida bo`yin va elkamda zanjirlar bor edi. Ammo bu ko`rinish ularga ma`qul kelmagani uchun zanjirlarsiz ikkinchi ko`rinishdagi suratlarni taqdim etdim. Bor gap shu.
— Konsert tashkiliy ishlari uchun asablar temirdan bo`lishi kerak. Bunday holatlarda jahlingizni qanday jilovlaysiz?
Gapingizga qo`shilaman. Bunday paytda odam o`ta sabrli bo`lishi kerak. Agar vaziyat haddan ziyod chuqurlashsa, unda xonaga qamalib olib, yaxshilab yig`lab olaman va keyin hech narsa bo`lmagandek yana ishni davom ettiraverman.
—Odam shunday damlarda yaqin kishilarining ko`magiga muhtoj bo`ladi...
— Nima demoqchiligingizni tushundim. Hayotimiz davomida kimlarnidir topamiz, kimlarnidir yo`qotamiz. Shunga qaramay, Xudoga shukr qilib yashash kerak.
—Bu yilgi konsertingizga farzandlaringizning otasini taklif qildingizmi?
...
Aliya SULAYMONOVA
suhbatlashdi





