Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Doktor Tedros Adanom Gebreyesus o`z maktubida O`zbekiston prezidentiga 2020 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to`g`risidagi xalqaro kodeks loyihasini JSST taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirgan.
" – COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo`ylab hamjamiyatlar va mamlakatlarga talafot etkazishda davom etmoqda. O`tkir xalqaro inqirozga duch kelib, men favqulodda global etakchilik va birdamlikka, imkon qadar keng doiradagi sheriklarni birlashtirishga, ko`p tomonlama sa`y-harakatlarni ishga solish va hech kimning orqada qolib kelmasligini ta`minlashga chaqirdim. Salkam bir yilda biz ilm-fan, vaksinalarni ishlab chiqish, sog`liqni saqlash amaliyotidagi misli ko`rilmagan yutuqlar, jamoatchilikni safarbar qilish va siyosiy sobitqadamlik tufayli kuchli etakchilikka erishishning imkoni borligini ko`rdik.
Pandemiya sog`liqni saqlash tizimlarimiz zaif ekanini ko`rsatdi, tibbiy va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirdi hamda sog`liqni saqlash iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlikda markaziy o`rin egallashini namoyish etdi. Pandemiyani nazoratga olib, tiklanishga investisiya yo`naltirayotgan ekanmiz, kelajakka ham tayyorgarlik ko`rishimiz lozim. Bunday vaziyat yana takrorlanishiga yo`l qo`yolmaymiz.
Janobi Oliylari, Xalqaro kodeks loyihasini ishlab chiqish masalasida uzoqni ko`zlaganingiz va bu jarayonda etakchilik qilganingiz uchun Sizdan minnatdorman. Biz hujjatni diqqat bilan o`rganib chiqdik. Unda qo`yilgan vazifalarning ko`lami va taklif etilgan amaliy echimlar menda katta taassurot qoldirdi. Kodeks loyihasi taqdim etilgani o`z vaqtida qabul qilingan qaror bo`ldi.
O`tgan yili biz pandemiyadan ko`p saboq chiqardik va endilikda kelajakka nazar tashlashimiz kerak. Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining COVID-19ga qarshi choralar bo`yicha WHA73.1 rezolyusiyasiga muvofiq men 2020 yil sentyabr oyida ish boshlagan Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining (2005 yil) amal qilishini o`rganish Qo`mitasini chaqirdim hamda Pandemiyaga shaylikni ta`minlash va javob choralari bo`yicha Mustaqil guruhni ta`sis etdim.
Bundan tashqari, a`zo davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan jarayon doirasida Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalariga qo`shimchalar kiritish maqsadida pandemiyaga shaylik va javob choralari to`g`risida global hadli konvensiyani ishlab chiqish imkoniyati yuzasidan munozaralar davom etmoqda. Mazkur masala 2021 yil 18 mart kuni o`tgan JSSTning tashkilotga a`zo davlatlar uchun mo`ljallangan axborot sessiyasida muhokama qilindi, bu ko`plab mamlakatlarda qiziqish uyg`otdi va keyingi muhokamalar uchun qadam bo`lib xizmat qildi.
Barchaning xavfsiz kelajagiga sarmoya kiritish, barqaror va ishonchli sog`liqni saqlash tizimlarini barpo etish hamda sog`liqni saqlash sohasida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan har qanday inqirozlarga shay turishga tayyorgarlik ko`rish vaqti keldi. Janobi Oliylari, siyosiy etakchiligingiz tufayli Sizning bu boradagi ishtirokingiz hal qiluvchi ahamiyatga ega. Siz taqdim etgan Xalqaro kodeks loyihasi pandemiyani o`rganish bo`yicha amaldagi jarayonlarga va pandemiyaga qarshi kurashish bo`yicha har qanday bo`lajak xalqaro hujjatni rejalashtirishga bevosita bog`liq. Siz ushbu sa`y-harakatlarda shaxsan ishtirok etishda davom etishingizga umid qilaman.
Janobi Oliylari, COVID-19 pandemiyasini oldini olish va barchaning sog`lom va xavfsiz kelajagini ta`minlash ishiga sodiqligingiz uchun Sizga yana bir bor tashakkur bildiraman. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti jamoat salomatligi sohasidagi ushbu global favqulodda vaziyatda Siz bilan hamjihatdir", – deyiladi maktubda.






