Aktyor Javohir Zokirov bugun “Darakchi” tahririyatida mehmon bo`lib, “Yulduz-onlayn” loyihasida ishtirok etdi.
Bir soatdan ko`proq davom etgan onlayn-muloqotda aktyor muxlislar tomonidan yo`llangan 40 taga yaqin savollarga javob berdi. Ulardan eng esda qolarli savollarni keltirib o`tamiz.
– Javohir aka, tarixiy filmda suratga tushayotganingiz rostmi?
– Ha bu rost. Ammo qaysi tarixiy filmda suratga tushayotganim haqida hozircha ma`lumot bera olmayman.
– Onangizga hamma siringizni ayta olasizmi?
– Yo`q. Men ko`proq adam bilan sirlashar edim. Bir marta sirimni aytganimdan keyin afsuslanganman. Bundan tashqari onam juda band insonlar.
– Tasavvur qiling, judayam og`ir vaziyatdasiz. Ammo juda muhim va qoldirib bo`lmaydigan s`yomka jarayoniga borishingiz kerak. Unda siz komik rolni ijro etishingiz kerak, bunday vaziyatda qanday yo`l tutasiz?
– Men aktyorman. Qanday vaziyatda bo`lishimdan qat`iy nazar, o`zimga ishonib topshirilgan vazifani uddalashim kerak. Qanday vaziyatda bo`lishimning ahamiyati yo`q. Boraman va rolni ijro etib beraman.
– Oilangiz va farzandingizga qancha vaqt ajratasiz?
– Deyarli bo`sh vaqtimning hammasi oilam bilan o`tadi. Misol uchun hozir ham o`g`limning yoniga shoshyapman. U bilan aylanishga va`da berganman.
– Qaysi rejissyorning filmida hech qachon rol ijro etmasdingiz (o`zbek rejissyorlari)?
– Yolqin To`ychiev, Ayub Shahobiddinov Zulfuqor Musoqovni. Agar juda katta gonarar to`lashsa o`ylab ko`rishim mumkin...
– Yuqorida onangiz bialn suhbatlashishga vaqt ajratolmayotganingizni aytdingiz. Bundan o`kinmaysizmi? Axir, vaqt g`animat, bugungi kunni ertaga qaytarib bo`lmaydi?
– Bu juda baxsli mavzu. Lekin o`kinmayman.
– Javohir aka, armon deganda ko`z oldingizda nima gavdalanadi?
– Vaqtim behuda ishlarga sarflaganim, kayf-u safoga berilganim, kam kitob o`qiganim ko`z oldimdan o`tadi.
– Otangizning vafoti hayotingizni o`zgartirdimi?
– Hayotim butunlay yaxshi tamonga o`zgardi. Men ham otam singari yaxshi inson bo`lishga intilayapman.
– Nima uchun sevgi-muxabbat haqidagi filmlarda suratga tushmaysiz?
– Bunday mavzulardagi kinolarga suratga tushish taklifi bo`lmagan. Taklif qilishsa, balki suratga tusharman.
– So`nggi paytlarda suratga olinayotgan o`zbek filmlari orasidan maza qilib, tomosha qilganingiz qaysi? “Baron”dan tashqari?
– To`g`risini aytsam, o`zbek filmlarini tomosha qilmaganimga ham ancha bo`ldi. Bir narsani tan olishim kerak hatto "Sotqin" va "Baron" filmlarini ham maza qilib tamosha qilmadim.
– Hilol Nasimovning filmlariga munosabatingiz?
– Menga bu rejissyorning bitta ham filmi yoqmaydi.
– Aktyor bo`lmaganingizda kim bo`lardingiz?
– Bog`bon bo`lishni orzu qilganman. Umid qilamanki, hali bu orzuim amalga oshadi, bunga ko`zim etadi.
– Sizga qaysi aktrisalar yaxshi partner bo`la oladi?
– Lola Eltoeva Dilorom Egamberdievalarning ijrosini tan olaman.
– Bugun yaratilayotgan xususiy filmlar haqidagi fikringiz?
– Xususiy filmlarga munosabatim ijobiy. Xususiy kinofilmlar ijodkorlari sarflangan mablag`ni oqlashga harakat qilishyapti.
– Javohir Zokirov ijro etishni judayam istagan, ammo unga nasib qilmagan rollar bormi?
– Bu borada deyarli umuman bosh qotirmayman. Menga nasib etgan rollarni ijro etib kelyapman.
– Qancha gonorar olasiz?
– Juda ko`p (kuladi).Men O`zbekistondagi eng “qimmat” aktyorlardan biriman.
– “Baron” filmi “videoqaroqchilar” tomonidan tarqatib yuborilganidan so`ng, Rustam Sa`diev uning davomini suratga olarmikin?
– "Baron" filmining davomi har qanday vaziyatda ham suratga olinadi.
– Javoxir aka, nega sizni faqat Rustam Sa`dievning filmlarida ko`ramiz? Sizni mashhurlik darajangizni yanada ko`tarib bergani uchun minnatdorchilik sifatida faqat shu rejissyor bilan ishlaysizmi yo boshqa rejissyorlarning ishi sizni qoniqtirmaydimi?
– Birinchidan ko`p rejissyorlarning ishidan qoniqmayman ( Rustam akaning ishidan qoniqmagan paytlarim ham bo`lgan) Ikkinchidan men Rustam Sa`dievning filmlaridan tashqari horijiy rejissyorlar bilan ham ko`p bora ishlaganman. Shu o`rinda bir ma`lumotni aytib o`tmoqchi edim. "Sotqin" filmida rol ijro etish taklifini rejissyorga o`zim aytganman. Tez kunlarda Sanjar Shodievning "Men seni o`zim boy qilaman" komedik drama janridagi filmi katta ekranlarga chiqadi. Mazkur filmda ham rol ijro etdim.
– Ko`pchilik “Baron” dagi obrazingiz o`zingizga mos tushmagani, filmdagi milliy xavfsizlik xodimi obrazini Ulug`bek Qodirov ijro etishi kerak edi degan fikrda? Siz bunga nima deysiz?
– Menga avval ham bu mavzuda savol berilgan. Hammaning fikri turlicha. Menimcha, “Baron” filmida rollar to`g`ri taqsimlangan. Maslahatim:filmni qayta tamosha qiling.
– Javohir aka, Rossiya kinoijodkorlari bilan hamkorlik qilishingizni yozdingiz. Nega o`sha filmlar bizgacha etib kelmaydi, o`zbek tiliga dublyaj qilinmaydi? Hamkorlik ikki taraflama bo`lgani manfaatliroq emasmi? Yo siz ham ba`zi o`zbek ijodkorlari singari o`sha erda qolib ishlash niyatidamisiz? Va shunday o`zbek bo`la turib, shu erda nom chiqarib, keyin boshqa davlatga borib, ishlab qoladigan, kamiga o`zbeklarga tosh otadigan san`atkor, rejissyorlarga munosabatingiz?
– Rossiyada suratga tushgan filmlarim nega bu erda namoyish etilmasligi haqidagi savolingizga javob bera olmayman. Men u erda faqat ijod qilaman. Yashash niyatim yo`q. Siz ta`riflagan insonlar uchun ham men javob berolmayman. Har kim o`z ishi uchun o`zi javob beradi.
– Yaqinda “Darakchi.uz” saytida sizning qo`shig`ingizga ishlangan klipdan parcha qo`yildi. Qo`shiqchilik bilan jiddiy shug`ullanmoqchimisiz? Kliplaringizni Tv orqali namoyish etiladimi?
– Qo`shiq kuylashni judayam yaxshi ko`raman. Bu yo`nalishda avval ham ishlaganman. Endilikda ham jiddiy ijod qilib muxlislarni xursand etmoqchiman. To`y va hasham,yaxshi kunlaringizda xizmatda bo`lmoqchiman. Tvda namoyish etilishiga kelsak, buning uchun katta mablag` zarur(o`ylanib).
– O`ynagan rollaringizdan ko`nglingiz to`ladimi?
– Yo`q. Chunki doim har bir rolimni ijro etganda yana ham mahorat bilan ijro etishga harakat qilaman. Inson qilayotgan ishidan qoniqib qolishi kerak emas.
– Juda ozg`insiz. Biroz semirish niyatingiz bormi?
– Yo`q. Hech qachon semirmoqchi emasman.
– “Baron” filmida Baron kim? Iso To`raevmi yoki Farhod Maxmudov? Filmni tomosha qilish jarayonida har ikkala aktyorning ham “Baron” obraziga to`g`ri kelishini ko`rish mumkin.
– “Baron”-Iso To`raev. Ammo, filmda Izzat ham “Baron” taxallusi ostida men bilan ya`ni milliy xavfsizlik xodimi bilan bog`lanadi. Mening fikrimcha, filmda aslida Baron Farhod Mahmudov obrazida namoyon bo`lgan..
– Atrofingizda sizga o`zini do`st deb ko`rsatayotganlarning munosabatlari samimiy ekanligiga ishonasizmi?
– Tabiatan juda ishonuvchan insonman. Albatta menga bo`layotgan munosabatlar ham samimiy deb hisoblayman.
– Farzandlaringizning aktyor bo`lishini xohlaysizmi?
– Farzandlarimning qaysi kasbni egallashi ularning o`zlariga havola. Kim bo`lsa ham haqiqiy inson bo`lsin. Barcha insoniy fazilatlar sohibi bo`lsa bu mening baxtim.
– Javohir Zokirov O`zbekistondagi aktyorlar ichida bir ampludagi aktyor emasligini isbotladi...Bir ampluadagi akterlarga maslahatlari?
– Aktyor doim o`z ustida ishlab, izlanishdan to`xtamasligi kerak.
– O`zbekistonda ishlayotganlar filmlarni ko`pchiligini saviyasi pastligi hech kimga sir emas. Shunday filmlar suratga olishning oldini olish , filmlarni saviyasini oshirish uchun kanday chora-tadbirlar amalga oshirish kerak deb uylaysiz?
– Siz aytayotgan filmlarni omma e`tiboriga havola etishi kerak emas. Bu borada barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib kurashishimiz kerak. Bunda tanqidchilar va jurnalistlarning o`rni katta.
– “Baron” filmidagi Mardon rolini ijro etgan Iso To`raevning aktyorlik mahorati hakida nima deysiz?
– Bu aktyorning ijrosi yomon emas.
– Bugungi onlayn-muloqotdan tassurotlaringiz?
– Taassurotlarim juda ijobiy. Hozirgi kunda ko`pchilik yoshlarni tanqid qiladi. Ularni ko`p kitob o`qimaslikda ayblashadi. Men ayni paytda bo`lib o`tgan onlayn-muloqotdan yoshlarimizning bergan savollari juda saviyali ekanligini alohida ta`kidlab o`tmoqchiman.
Javohir Zokirov, shuningdek, opasi Nargiza Zokirovaning imijiga qanday munosabatda ekanligini, o`zbek aktyorlari orasida tan olgan aktyori, teatrda ishlamasligi sababi haqidagi savollarga ham javob berdi. Ularga berilgan javoblarni esa “Darakchi” gazetasining navbatdagi sonida o`qishingiz mumkin.