AsosiyDunyo

O`zbekiston delegasiyasi Hirotda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanalarda ishtirok etdi

'O`zbekiston delegasiyasi Hirotda Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanalarda ishtirok etdi'ning rasmi

Bugun Afg`onistonning Hirot shahrida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlangan xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Tadbirda Navoiy merosini o`rganish bo`yicha dunyoning etakchi adabiyotshunoslari,  olimlari, ilmiy tadqiqotchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O`zbekistondan taniqli navoiyshunos olimlar, tadqiqotchilar, filologlar va Alisher Navoiy ijodi bilimdonlari qatnashdi. Ular o`z chiqishlarida ulug` shoir she`riy va nasriy asarlarida insonparvarlik, ma`rifat, tinchliksevarlik kabi yuksak umuminsoniy g`oyalarni kuylagani,  o`zbek tilining beqiyos so`z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, er yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o`rin egallaganini ta`kidladi.

Zahiriddin  Muhammad Bobur Navoiyga «Alisherbek naziri yo`q kishi edi. Turkiy til bila to she`r aytubturlar, hech kim oncha ko`p va xo`p aytgon emas» deb ta`rif bergan so`zlariga to`la asos borligi qayd etildi.

Darhaqiqat Navoiy she`riyati - bu inson turmush tarzi haqidagi mukammal to`plamdir. Uning deyarli barcha g`azallari va asarlarida insoniylik, saxovat, adolat, qiyinchiliklarni birgalikda engish kabi ezgu maqsadlar madh etilgan. Qariyb olti asr o`tibdiki, buyuk mutafakkir  asarlari va tinchlikparvarlik g`oyalari jahon tamadduni xazinasidan munosib o`rin egallab,  avlodlarga namuna bo`lmoqda.

O`zbek va afg`on xalqlari o`rtasida chuqur madaniy aloqalar, ma`naviy va tarixiy merosning mushtarakligiga alohida urg`u berildi. Ushbu bebaho merosda Navoiy hayoti va ijodi markaziy o`rinlardan birini egallab turibdi va buyuk ajdodimiz she`riyati cho`qqilarini anglab etishda birlashtiruvchi tamoyil bo`lib xizmat qilmoqda.

Anjumanda O`zbekiston Prezidenti nomidan afg`on xalqiga sovg`a sifatida chop etilgan Alisher Navoiyning «Xamsa» asari taqdim etildi. Ushbu sovg`ani davlatimiz rahbarining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev topshirdi.

O`zbekiston delegasiyasi vakillari Hirotga amaliy tashrifi davomida buyuk shoir maqbarasini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilinib, Alisher Navoiy qabriga gullar qo`yildi

    Boshqa yangiliklar