AsosiySport

Toshkent badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogiga mezbonlik qilishi ma`lum bo`ldi

'Toshkent badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogiga mezbonlik qilishi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 apreldagi 14-son yig`ilish bayoni ijrosini ta`minlash hamda sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2021 yil uchun respublika kalendar rejasiga muvofiq shu yil 13-18 aprel kunlari Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogi musobaqasi o`tkaziladi.

Mazkur turnir poytaxtimizdagi Gimnastika bo`yicha Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o`smirlar sport maktabida bo`lib o`tadi. Bugun, mazkur jahon kubogi musobaqasining tashkiliy masalalariga bag`ishlangan ishchi guruh yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Unda, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari, ishchi guruh raisi Ravshan Ermatov, MOQ raisi Rustam Shoabduraxmonov va federasiya mutasaddilari, shuningdek bir qator vazirlik, idora va tashkilotlarning mas`ul xodimlari ishtirok etdi.

Yig`ilishda ko`tarilgan asosiy masala, mazkur nufuzli turnirni yuqori saviyada o`tkazish, unga har safargidanda jiddiyroq tayyorgarlik ko`rish, musobaqa jarayonlarini telekanallar orqali bevosita jonli efirda va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritish, qo`riqlash, qo`yingki barcha tashkiliy masalalarga to`xtalib o`tildi.

Shuningdek, musobaqaga tayyorgarlik ko`rayotgan terma jamoamiz a`zolarining bir guruhiga «Sport ustasi» unvonlari topshirildi va bo`lajak musobaqada qizlarimizga omad tilashdi.

«Biz har doim sizlar bilan birgamiz. Qaerda va qanday musobaqada ishtirok etmang, sizlarni Vatan qo`llab-quvvatlayotganini his qilishingiz kerak. Yana bir necha kundan so`ng bo`lib o`tadigan jahon kubogi musobaqasida ham omad yor bo`lishini tilayman», - dedi Ravshan Ermatov.

Uchrashuv davomida gimnastikachi qizlar tomonidan sport mutasaddilariga estalik sovg`alari taqdim etildi. Toshkentda bo`lib o`tadigan jahon kubogi musobaqasi Olimpiadaga yo`llanma beruvchi 4 ta musobaqaning ikkinchisi hisoblanadi. Ushbu musobaqaning birinchisi shu yil 24-29 mart kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida o`tkazildi. Ikkinchisi esa 13-18 aprel kunlari Toshkentda o`tkazilsa, keyingisi 5-10 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Bokuda tashkil etiladi hamda so`nggi turnir 26-31 may kunlari Pezaro (Italiya)da bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.

Lisenziyalarni shaxsiy ko`pkurash bo`yicha faqat 2019 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan va uch turda maksimal ball to`plagan eng yaxshi uch nafar gimnastikachi (har bir mamlakat uchun maksimal 1ta) qo`lga kiritadi. E`tiborli jihati, ushbu chempionatda Tokio-2020 Olimpiada o`yinlariga yo`llanmani qo`lga kiritgan sportchilar ham bahslashadi. Yo`llanma qo`lga kiritgan sportchilar uchun ushbu musobaqa keyingi musobaqalarga tayyorgarlik vazifasini o`tab beradi.

Mazkur nufuzli musobaqada Dina va Arina Averina (Rossiya), Boryana Kalain (Bolgariya), Lina Ashram va Nikol Zelikman (Isroil), Anastasiya Salos va Alina Garnasko (Belorusiya), Kaxo Minagava (Yaponiya) kabi 32 davlatning eng kuchli gimnastikachilari o`z mahoratlarini yana bir bor namoyish etishadi. Turnirda jami 66 gimnastikachi individual hamda 12 ta jamoa guruh bo`lib mashq bajaradi.

Mazkur jahon kubogi musobaqasiga terma jamoamiz qizlari Sabina Tashkenbaeva va Ekaterina Fetisovalar ham jiddiy tayyorgarlik olib bormoqda. Shuningdek, gimnastikachi qizlarimiz guruh bahslarida ham o`z omadlarini sinab ko`rishadi. Ammo, ushbu dasturlarda olimpiyadaga yo`llanma o`ynalmaydi.

Ma`lumot uchun, shu kunga qadar mamlakatimiz gimnastika bo`yicha ko`plab xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilgan. Jumladan, 2004 va 2005 yillarda jahon kubogi, 2010 yilda esa Osiyo chempionati yurtimizga ishonib topshirilgan va shundan beri har yili mamlakatimiz katta musobaqalarga mezbonlik qilib kelmoqda.

Boshqa yangiliklar