AsosiyJamiyat

Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati vafot etdi

'Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati vafot etdi'ning rasmi

Davlat va jamoat arbobi, Xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashi deputati Dilshoda Dadajanova 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi xabar berdi.

Dilshoda Dadajanova 1949 yilda Andijon tumanida xizmatchi oilasida tug`ildi. 1971 yilda Kuban davlat universitetining siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan.

Ko`plab shogirdlarning ustozi o`z mehnat faoliyatini 1971 yilda Pop tumanidagi 7-maktabda o`qituvchi sifatida boshladi.  

1974-1983 yillarda tuman partiya qo`mitasi yo`riqchilikdan to viloyat yoshlar tashkiloti rahbarligigacha bo`lgan yo`lni bosib o`tdi.  

1983-85 yillarda Moskva ijtimoiy fanlar akademiyasi aspiranturasida taxsil oldi.  

1985-87 yillarda O`zbekiston yoshlar tashkilotiga rahbarlik qildi.  

1987-1998 yillarda Namangan viloyat hokimining o`rinbosari sifatida faoliyat ko`rsatdi.  

1998-2011 yillarda Namangan viloyat xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i vazifasida ishlab, viloyat ta`lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishda zahmatli mehnat qildi.  

Dilshoda Dadajanova to vafotiga  qadar Pop tumani mahalla va oilani qo`llab quvvatlash bo`limi boshlig`ining keksalar va fahriylarni qo`llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo`yicha o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.  

U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan edi.

Atoqli jamoat arbobi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Dilshoda Dadajanovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Namangan viloyati hokimligi marhumning yaqinlariga chuqur ta`ziya izhor etadi.

Boshqa yangiliklar