Farg`onalik fuqaro U.A. (ismi-sharifi o`zgartirilgan) muqaddam sodir etgan o`g`irlik jinoyatlari uchun besh marotaba sudlangan, oxirgi marta 2015 yilda sodir etgan o`g`irlik jinoyati uchun sudlanib, jazoni ijro etish koloniyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tab kelayotgan edi.
Jinoyat ishi hujjatlari hamda sudda aniqlangan holatlarga ko`ra, mahkum U.A Navoiy shahridagi 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o`tash davomida ya`ni, 2018 yilning noyabr oyidan 2019 yil yanvar oyiga qadar, “Islom xalifaligi davlati” qurishni o`z oldiga maqsad qilib, butun dunyoda, jumladan O`zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib borishi taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir al-Islomiy” xalqaro terroristik tashkilotning g`oyalarini qo`llab, terroristik tashkilot g`oyalari bilan yo`g`rilgan varaqalarni qo`lyozma shaklida, matndagi ayrim so`zlarni qisqartirgan holda tayyorlab, turma uchastkasidagi mahkumlarga tarqatgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudi tomonidan 2021 yil 12 mart kuni U.A.ga nisbatan bo`lgan jinoyat ishi sud muhokamasida ko`rib chiqildi va uning aybi sudda to`liq o`z tasdig`ini topdi.
Sud tomonidan U.A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 159-moddasining 1-qismi va 2441-moddasining 2-qismi bilan Jinoyat kodeksining 59,60-moddalari tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni qattiq tartibli koloniyada o`tash belgilandi.






