AsosiyJinoyat

Toshkentda noma`lum shaxslar salkam 36 million so`mlik tillalari olib qochganini aytgan fuqaroning o`zi "o`g`ri" bo`lib chiqdi

'Toshkentda noma`lum shaxslar salkam 36 million so`mlik tillalari olib qochganini aytgan fuqaroning o`zi "o`g`ri" bo`lib chiqdi'ning rasmi

Toshkentda fuqaro 2 noma`lum shaxs aldov yo`li bilan uning 36 millionga yaqin qiymatdagi taqinchoqlarini olib qochgani yuzasidan shikoyat qilgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma`lum qilgan.

Xabarga ko`ra, 11 aprel kuni soat 15:30 larda ikki nafar noma`lum shaxslar Olmazor tumani Farobiy ko`chasida yashovchi 23 yoshli M.Rokiyaning uyiga kelib, unga yaqin kunlarda turmush o`rtog`i va farzandi og`ir kasal bo`lib vafot etishini aytib, o`ziga tegishli barcha tilla-taqinchoqlarini olib chiqib bersa, ularni qutqarib qolishga va`da berib, M.Rokiyaga tegishli jami narxi 35 840 000 so`mlik 10 xil turdagi tilla-taqinchoqlarini aldov yo`li bilan qo`lga kiritib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida, ushbu jinoyatni M.Rokiyaning o`zi sodir qilib, kelgusida sotish maqsadida ushbu tilla-taqinchoqlarni yashash xonadonining erto`lasiga yashirib qo`yganligi, unga nisbatan hech qanday firibgarlik jinoyati sodir qilinmaganligi aniqlangan.

Jinoyat ishi doirasida M.Rokiya O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” bandi (O`g`rilik) bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan va uning xatti-harakatlariga qonun doirasida huquqiy baho berilishi ta`minlanadi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar