AsosiyJamiyat

Jizzaxlik taniqli jurnalist, “Paxtakor hayoti” gazetasi bosh muharriri Xolbo`ta Xudoyorov olamdan o`tdi

'Jizzaxlik taniqli jurnalist, “Paxtakor hayoti” gazetasi bosh muharriri Xolbo`ta Xudoyorov olamdan o`tdi'ning rasmi

Taniqli jurnalist,  ko`plab yoshlarning ustozi, “Paxtakor hayoti” gazetasi bosh muharriri Xolbo`ta Xudoyorov 83 yoshida olamdan o`tdi. Bu O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo`limi xabar berdi. 

Xolbo`ta Xudoyorov butun umrini jamiyatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarimizning axborot sohasidagi konstitusiyaviy huquqlarini ta`minlash, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo`layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma`lumotlar etkazish kabi ezgu va xayrli ishga bag`ishlagan fidoiy inson edi.

U 1962 yilda Toshkent davlat universitetining filologiya fakulteti, jurnalistika bo`limini tamomlab, dastlab mehnat faoliyatini “Yangier gazetasi”da boshlagan edi. Shundan so`ng Toshkent televideniesida muharrir, “Sirdaryo haqiqati” gazetasida muxbir va bo`lim mudiri, “Guliston” gazetasida bosh muharrir, Guliston tuman partiya qo`mitasida targ`ibot va tashviqot bo`limi mudiri, “Jizzax haqiqati” gazetasida bosh muharrir o`rinbosari, Jizzax viloyat bosmaxonasida rahbar, Jizzax viloyat kengashi ijroiya qo`mitasida tashkiliy ishlar bo`limi mudirining o`rinbosari, Jizzax viloyat Matbuotda davlat sirlarini saqlash boshqarmasi boshlig`i, Jizzax shahridagi “Jizzax” kinoteatri direktori, qariyib 30 yilga yaqin esa Paxtakor tumani hokimligi muassisligidagi “Paxtakor hayoti” gazetasining bosh muharriri lavozimlarida mas`uliyat bilan faoliyat ko`rsatdi.

X.Xudoyorov, shuningdek, fuqarolik jamiyatining faoli edi. Uning rahbarligida bir qator dolzarb, ijtimoiy ahamiyatli loyihalari milliy grantlarga sazovor bo`lgan edi. “Yoshlar siyosatini hayotga tadbiq etishni takomillashtirish, o`sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashva sog`lom turmush tarzining targ`iboti”, Keksalarni e`zozlaylik” loyihalari shular jumlasidandir.

Etuk jurnalist va serqirra ijodkor mamlakat miqyosida o`tkazilgan ko`plab ijodiy tanlovlar va ko`rgazmalarda ham qatnashib, faxrli o`rinlarni egallagan va turli darajadagi diplomlar bilan taqdirlangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15, 20, 25 yilligi munosabati bilan estalik nishonlariga sazovor bo`lgan.

Olijanob jurnalist, tajribali rahbar, mehribon ustoz Xolbo`ta Xudoyorovning porloq xotirasi vohamiz matbuotchilari, keng jamoatchiligi, shogirdlari va yaqinlari qalbida abadiy saqlanib qoladi.

Xolbo`ta Xudoyorovning vafoti munosabati bilan  uning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Boshqa yangiliklar