AsosiyJamiyat

Aviachiptalar narxining qimmatligi yuzasidan antimonopoliya qo`mitasiga senator so`rovi yuborildi

'Aviachiptalar narxining qimmatligi yuzasidan antimonopoliya qo`mitasiga senator so`rovi yuborildi'ning rasmi

Aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisiga senator so`rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.

Senatning ma`lumotlariga qaraganda, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo`lgan Toshkent–Olmaota yo`nalishi bo`yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming so`mni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo`nalishi bo`yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so`m, Toshkent–Riga yo`nalishi bo`yicha 2 mln. 800 ming so`m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu York yo`nalishi bo`yicha esa 6 mln. 500 ming so`m (parvoz vaqti –  12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

"Ko`rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo`lgan Toshkent–Olmaota yo`nalishi bo`yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko`p parvoz qilinadigan yo`nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu “tushunarsiz holat” fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda",–deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mas`ullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog`istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o`tishga Qozog`iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo`yilgan va bizning mas`ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o`z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilayotgani ta`kidlangan.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo`shni Qozog`istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo`lmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent–Olmaota yo`nalishi bo`yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o`rganib chiqish va natijasi borasida ma`lumotlarni taqdim etish yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi Sh.Sharaxmetovga senator so`rovi yuborilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar