AsosiyJamiyat

Prezident Mirza Azizov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

'Prezident Mirza Azizov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi'ning rasmi

Milliy teatr va kino san`atimizning taniqli namoyandasi, O`zbekiston xalq artisti Mirza Azizov og`ir kasallikdan so`ng shu yil 15 aprel kuni 58 yoshida vafot etgani xabar berilgan edi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev aktyor vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Mirza Azizov 1963 yili Namangan viloyatining Chust shahrida tug`ilgan. 1987 yili Toshkent teatr va rassomlik san`ati instituti (hozirgi O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti)ni musiqali drama aktyori ixtisosligi bo`yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1989 yilda Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqiy teatrida vokal artisti sifatida boshlab, 1992-1997 yillar davomida O`zbek davlat drama teatrida ham samarali ijod qildi.

Mirza Azizov ko`p yillik serqirra ijodiy faoliyati mobaynida noyob iste`dodi va yuksak mahorati bilan teatr sahnasi va kino san`atida tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan o`nlab yorqin obrazlar yaratdi.

Iste`dodli aktyor “Yusuf va Zulayho”, “Farhod va Shirin”, “Nodirabegim”, “Alpomishning qaytishi”, “Toptalgan tuyg`u” kabi mashhur spektakllarda, “Ko`ngil ko`chalari”, “Ostona”, “Imom Buxoriy”, “Muhabbat sinovlari”, “Tubanlik”, “Muruvvat”, “Gumrohlar”, “Novda” kabi ko`plab kinofilmlarda betakror xarakter va dunyoqarashga ega bo`lgan turli shaxslar siymosini mohirona talqin etib, minglab san`at muxlislari va keng jamoatchilikning hurmat-e`tiborini qozondi.

O`z faoliyatining ma`no-mazmunini xalqimizga, jonajon Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishda, deb bilgan san`at fidoyisi mamlakatimizda o`tkazib kelinayotgan barcha ommaviy-madaniy tadbirlarning faol ishtirokchisi edi. 

U 2016 yildan boshlab Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqiy teatri direktori lavozimida samarali mehnat qilib, 80 yillik shonli tarixga ega ushbu san`at dargohining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, repertuar tarkibini zamonaviy va tarixiy asarlar bilan boyitishga, iqtidorli aktyorlarni tarbiyalashga munosib hissa qo`shdi. 

Katta ijod va hayot tajribasiga ega bo`lgan M.Azizov xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma`naviy hayotimizni turli tahdid va xurujlardan himoya qilish yo`lida chinakam fidoyilik namunasini ko`rsatdi.

Mirza Azizovning o`zbek teatr va kino san`atini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan artist”, “O`zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari bilan mukofotlangan edi. 

Taniqli san`atkor, samimiy va kamtarin inson Mirza Azizovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

 

Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, O.Nazarbekov, Yo.Sa`diev

Boshqa yangiliklar