Farg`ona viloyati Buvayda tumanida 14 aprel kuni 9 yoshli qizning boshiga urib, kanalga tashlab yuborgan ayol ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 14 aprel kuni Buvayda tumani Ichki ishlar boshqarmasi navbatchilik qismiga Maslahat mahallasi hududidan oqib o`tgan Oyimtarra kanaliga 9 yoshli qiz noma`lum ayol tomonidan urib, tashlab yuborilganligi haqida xabar kelib tushgan. Aniqlanishicha, fuqaro M.E. turmush o`rtog`i B.Y. bilan shar`iy nikoh asosida yashab kelayotgan fuqaro M.J.dan rashk qilgan.
Kundoshidan o`ch olish maqsadida uning 2012 yilda tug`ilgan voyaga etmagan qizi F.F.ni 14 aprel kuni maktabdan aldab, Oyimtarra kanali yaqiniga olib kelib, qasddan o`ldirish maqsadida noma`lum jism bilan uning bosh sohasiga urib, kanalga tashlab yuborgan.
Ushbu holatni ko`rib qolgan Buvayda tumanida yashovchi, 2005 yilda tug`ilgan Sh.Ya. F.F.ni kanaldan qutqarib olib, hayotini saqlab qolgan.
Holat yuzasidan Buvayda tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, M.E.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maktab o`quvchisi Sh.Ya.ga jasorati uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashakkurnoma va sovg`alar berilgan.






