AsosiyJamiyat

"Mehribonlik o`zimizni kamsitish hisobiga bo`lmasligi kerak". “Davlat tili xaqida”gi qonun loyihasi muhokamasi to`xtatildi

'"Mehribonlik o`zimizni kamsitish hisobiga bo`lmasligi kerak". “Davlat tili xaqida”gi qonun loyihasi muhokamasi to`xtatildi'ning rasmi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi bobma-bob, moddama-modda ko`rib chiqildi.

Loyihadagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo`llanilishi bilan bog`liq masalalar qizg`in bahs-munozalarga sabab bo`ldi.

Loyiha yuzasidan ayrim e`tirozlar bildirildi. Ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga etkazish bo`yicha takliflar aytildi. Asosli fikrlar inobatga olingan holda qonun loyihasini yanada takomillashtirish uchun mas`ul qo`mitaga qo`shimcha vaqt berildi.

Ushbu muhokama yuzasidan "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov o`zining xulosalari bilan o`rtoqlashdi.  

"Qonun loyihasini muhokamasida XDPning sovetcha qarashlari va “Milliy tiklanish”ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e`tibor bermayotganlarning kayfiyatlari ustuvorlik qilmoqda. O`zbek tili qadrini ko`tarish va uni ustuvorligini ta`minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz “qolgan millatlarni xafa qilib qo`ymasligimiz kerak” yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek.  

Kechagi sessiyada shunday normalardan biri etarli ovoz yig`madi.

Qonunning 11-moddasida davlat xizmatchisi o`zbek tilini bilishi shartligi belgilangan. Hali bu moddaga etib kelmadik. Lekin 4-moddada fuqaroni davlat tilini bilmaganligi uchun xuquqini cheklamaslik to`g`risida norma ko`pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Taxmin qilayapman, shu ketishda 11-moddadagi davlat xizmatchisiga davlat tilini bilish, 13-moddadagi davlat idoralari arizalarni davlat tilida qabul qilishi va javob berishi, 17-moddadagi barcha millatlarni o`z ona tillarida ta`lim olishlariga ustuvorlik berish bo`yicha normalar ham chiqarib tashlanadi.  

Hammani o`ylash albatta yaxshi, o`ylayapmiz ham, bu qonun loyihasida bironta boshqa millatli vatandoshlarimiz huquqini kamsitadigan norma yo`q... lekin bu mehribonlik o`zimizni kamsitish hisobiga bo`lmasligi kerak...

Parlament saylovlarida mas`uliyatli bo`ling. Chunki shu erda millat yo qaddini rostlaydi yoki tiz cho`kadi", deya mulohaza qilgan deputat. 

Shunday qilib, Qonun loyihasi parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida ko`rib chiqiladigan bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar