“Davlat xizmatlarini ko`rsatishda agentlar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori (221-son, 19.04.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vaziriligi xabar berdi.
Qaror bilan Davlat xizmatlarini ko`rsatishda tadbirkorlik sub`ektlariga agent sifatida ishtirok etish uchun sertifikat berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, agent – akkreditasiyadan o`tgan o`quv markazlari tomonidan beriladigan sertifikatga ega bo`lgan, davlat xizmatlari ko`rsatish axborot tizimi orqali ariza beruvchilarning ma`lumot va hujjatlarini tegishli davlat organi yoki tashkilotiga yuborish hamda xizmat natijasini ariza beruvchiga taqdim etish faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor (xodimi) yoki yuridik shaxs bo`lgan tadbirkorlik sub`ekti xodimi hisoblanadi.
Sertifikat Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida akkreditasiyadan o`tgan nodavlat ta`lim muassasalari tomonidan davlat xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha o`quv kurslari yakunlariga ko`ra 3 yil muddatga beriladi.
Talabgorlar o`quv kurslarida qatnashish uchun o`ziga qulay bo`lgan hududdagi o`quv markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
O`quv kurslarida qatnashish uchun to`lov miqdori o`quv markazlari tomonidan mustaqil belgilanadi. O`quv kurslari yakuni bo`yicha talabgorlar sertifikat olish uchun malaka imtihoni (test) topshiradi.
Sertifikatga agent tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar ro`yxati ilova qilinadi hamda agentga davlat xizmatlari ko`rsatish axborot tizimida ushbu ro`yxatdagi xizmatlarni ko`rsatish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, qaror bilan Tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan agent sifatida ko`rsatilishi taqiqlangan davlat xizmatlari ro`yxati (13 ta) tasdiqlandi.
Qarorga ko`ra, nodavlat ta`lim muassasalari tomonidan agentlarga QR-kod qo`yilgan sertifikat berish imkonini beruvchi axborot tizimi joriy etiladi.






