AsosiyJamiyat

Bloger Otabek Sattoriyning ko`rsatmalari sud tomonidan eshitilmayotgani qayd etilgan videomurojaat bo`yicha bayonot berildi

'Bloger Otabek Sattoriyning ko`rsatmalari sud tomonidan eshitilmayotgani qayd etilgan videomurojaat bo`yicha bayonot berildi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudida Jinoyat kodeksining 139 (tuhmat), 140 (haqorat qilish) va 165 (tovlamachilik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishi yuzasidan ochiq sud jarayoni davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasining ma`lum qilishicha, ushbu sud jarayoniga raislik qiluvchi jinoyat ishlari bo`yicha Muzrabot tuman sudining raisi T. Abdurayimovning alohida ajrimi bilan sud jarayonini to`g`ridan-to`g`ri jonli efirga uzatish taqiqlangan bo`lsa-da, 2021 yil 11 mart kuni bo`lib o`tgan sud majlisini Obzor.uz nashri vakili to`g`ridan-to`g`ri jonli efirga uzatgani aniqlanib, u raislik qiluvchining farmoyishiga asosan sud majlisi zalidan chetlashtirilgan. 

" – Zotan, sud qarorlarining bajarilishi har bir fuqaro, mansabdorlar va yuridik shaxslar uchun majburiydir.

Mazkur videomurojaatda sudlanuvchi O. Sattoriyning ko`rsatmalari sud tomonidan eshitilmayotgani iddao qilinsa-da, sud zalidan yozib olingan videolavhalarda  bu holatning aksini ko`rish mumkin. Aniqroq aytganda, ochiqlik, tenglik tamoyillariga to`liq rioya etgan holda o`tkazilayotgan ushbu sud jarayonida sudlanuvchi va boshqa ishtirokchilarning prosessual huquqlari to`liq ta`minlanmoqda.

Binobarin, Jinoyat-prosessual kodeksining 261-264-moddalari tartibida raislik qiluvchi tomonidan ushbu jinoyat ishi doirasida guvoh sifatida jalb etilgan Termiz shahar hokimi I. Xudoyberdiev va boshqa guvohlarni majburiy tartibda sudda so`rash to`g`risida ajrim chiqarilgan.

Guvoh I. Xudoyberdiev va uning advokati S. Mamatqulovaning sud majlisida videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etishga oid og`zaki iltimosnomasi sud tomonidan qanoatlantirilib, 2021 yil 19 apreldagi sud majlisida I. Xudoyberdiev Surxondaryo viloyat sudi binosida videokonferensaloqa tizimi orqali guvohlik ko`rsatmalarini bergan.

Shuningdek, sudlanuvchining himoyachisi U. Davlatovning iltimosnomasiga asosan qo`shimcha guvohlar ham sud majlisida guvoh sifatida so`ralgan.

Ochiq sud majlisi mobaynida sudlanuvchining himoyachisi X. Ko`chaeva tomonidan raislik qiluvchiga nisbatan berilgan raddiya Jinoyat-prosessual kodeksining 76-moddasiga asosan ko`rib chiqilgan. Ushbu raddiya asoslantirilmaganligi, blogerlar, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida ochiq va shaffof sud jarayoni bo`lib o`tayotganligi hamda raislik qiluvchining xolisligiga shubha uyg`otuvchi holatlar kuzatilmaganligi inobatga olinib, qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. Sud majlisi umumiy asoslarda davom ettirilgan.

Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 2021 yil 28 aprel kuni soat 10.00 da o`tkaziladi.

Shu o`rinda, sud jarayonlarini yoritib borayotgan OAV vakillari va blogerlar asossiz va haqiqatga mos kelmaydigan ma`lumotlarni tarqatish, muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan bashorat qilish yoki sudga boshqacha tarzda ta`sir etish (bosim o`tkazish) qonuniy javobgarlikka sabab bo`lishini yodda tutsalar, maqsadga muvofiq bo`lardi", deyiladi boshqarma bayonotida.

 

    Boshqa yangiliklar