Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida”gi qonun loyihasi e`lon qilindi.
Mazkur Qonun loyihasining maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo`lgan er uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi hamda ushbu er uchastkasi va unda joylashgan ko`chmas mulk ob`ektlarining huquq egalariga kompensasiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.
Qonun loyihasida er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirilishi belgilandi:
- mulk huquqining ustuvorligi;
- xususiy mulkning daxlsizligi;
- olib qo`yilgan er uchastkasidan maqsadli foydalanishi;
- qonuniylik;
- ochiqlik va shaffoflik;
- kompensasiyaning kafolatlanishi.
Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda u jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkalarini kompensasiya evaziga olib qo`yishni to`g`ridan-to`g`ri tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat bo`lib hisoblanadi.
Qonun loyihasi 7 bob va 42 moddadan iborat bo`lib, u quyidagi yangi normalar va mexanizmlarni o`z ichiga oladi:
- er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi mumkin bo`lgan aniq holatlarning tugal ro`yxati;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining er uchastkasini kompensasiya evaziga olib qo`yish tashabbusini dastlabki tarzda ko`rib chiqish bo`yicha majlislari ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida o`tkazilishi;
- ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida o`tkazilishi va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan ta`minlanishi shartligi;
- tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama o`tkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio- va video qayd qilinishi ta`minlanishi;
- ochiq muhokamani o`tkazish joyi ko`pchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin bo`lishi kerakligi, huquq egalarining uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama o`tkazilgan hisoblanishi;
- tashabbuskor huquq egalariga ochiq muhokamada onlayn qatnashish imkoniyatini yaratishi shartligi;
- kompensasiya berilganidan so`ng ko`chmas mulk ob`ektini olti oy mobaynida bo`shatib qo`yishga imkoniyat berilishi;
- kompensasiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari;
- bitta mahalla yoki ko`chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a`zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida, huquq egalarining xohishiga ko`ra bitta mahalla yoki ko`chada joylashgan yangi uylar (bitta ko`p qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi;
- kompensasiya o`z vaqtida va to`liq berilishining doimiy monitoringi Ko`chmas mulk ob`ektlari Davlat reestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;
- olib qo`yilgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektini buzib tashlash to`g`risidagi qaror Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinishi;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish va olib qo`yilgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektini buzib tashlash to`g`risida qabul qiladigan qarorlari adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o`tkazilib, ijobiy huquqiy xulosa berilgandagina qabul qilinishi mumkinligi;
- nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan foydalanish imkoniyatlarini ta`minlash, sudlarning ish hajmini kamaytirish, shuningdek nizolarni qisqa muddat ichida hal qilish maqsadida nizolarni dastlab sudgacha bo`lgan tartibda hal qilishga ko`maklashish Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida tashkil etiladigan kompensasiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;
- er uchastkasini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi to`g`risidagi qaror qabul qilish yuzasidan o`tkaziladigan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida tashabbuskor va huquq egalari ichidan vakil yoki vakillar ishtirok etishi shartligi, majlislarda tashabbuskor va huquq egalari ichidan vakil yoki vakillar o`z fikr va mulohazalarini, e`tirozlarini bildirishga, tegishli tushuntirishlar olishga hamda er uchastkasini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi to`g`risida qaror qabul qilish bo`yicha deputatlar tomonidan ovoz berish jarayonini kuzatishga haqli ekanligi;
- er uchastkasi kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi va olib qo`yilgan er uchastkasida joylashgan ko`chmas mulk ob`ektini buzib tashlanishi to`g`risidagi qarorlarni qabul qilishning aniq qoidalari;
- madaniy meros ob`ektlari joylashgan yoki ularga tutash hududda joylashgan er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish talablari;
- huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli bo`lgan mulkni erkin tasarruf etishiga to`sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikasiya vositalaridan uzib qo`yish, ko`chmas mulk ob`ektiga kirish va chiqish yo`llarini to`sib qo`yish, munosib hayot kechirishiga to`sqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yo`l qo`yilmasligi va boshqalar.