2021 yil 1 maydan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun ijara to`lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Axborot xizmati ma`lum qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo`llab-quvvatlash va bandligiga ko`maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni tasdiqlandi.
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 maydan boshlab:
Professional ta`lim tashkilotlarining “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o`quvchi-yoshlariga korxonalarda amaliyot o`tgan vaqti uchun 6 oy davomida har oy bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning ikki baravari ( 490 ming so`m) miqdorida Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi.
Talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan talabalarining 60 foiziga oylik ijara to`lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda ijara to`lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari (245 ming so`m), qolgan hududlarda – BHMning 0,5 baravari (122 ming so`m)dan oshmasligi lozim.
Ushbu imkoniyat davlat oliy ta`lim tashkilotlarida tahsil olayotgan va o`ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo`lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan ehtiyojmand oila farzandlariga, o`rnak ko`rsatgan, faol talabalar uchun tatbiq etiladi.
2021 yil 1 iyundan boshlab:
davlat oliy ta`lim muassasalariga 10 tagacha mahalla fuqarolar yig`inlari biriktiriladi;
davlat oliy ta`lim muassasalari rektorlari tomonidan biriktirilgan mahalla fuqarolar yig`inlarida yashaydigan uyushmagan yoshlari OTMda tashkil etilgan fan va sport to`garaklariga bepul jalb qilinadi.






