AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda mast holatda "Damas"ni boshqarib kelayotgan haydovchi YPX xodimi bilan "kelishmoqchi" bo`ldi. Natijada...

'Qashqadaryoda mast holatda "Damas"ni boshqarib kelayotgan haydovchi YPX xodimi bilan "kelishmoqchi" bo`ldi. Natijada...'ning rasmi

Qashqadaryoda fuqaro YPX xodimiga pora berayotgan vaqtda qo`lga olindi. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda. 

Ma`lum bo`lishicha, kecha, 21 aprel kuni soat 07:00larda, Qashqadaryo viloyati IIB YHXB YPX inspektori A.Rajabov Qarshi shahar, Sharshara chorrahasida xizmat olib borayotgan vaqtda "Damas" rusumli avtomobil haydovchisini to`xtatgan. Haydovchi O.Sh. avtomobilni mastlik holatida boshqarganligini aniqlagan va ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirgan.

Shundan so`ng, fuqaro O.Sh. o`ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnoma yuzasidan tegishli chora ko`rmaslik, avtomobilni jarima maydonidan chiqarib berish evaziga 1.000.000 (bir million) so`m miqdoridagi pulni YPX inspektoriga pora sifatida taklif qilgan.

YPX inspektori viloyat IIB boshlig`i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, pora taklif qilayotgan fuqaroga qonuniy chora ko`rilishini so`ragan.

Xodimning bildirgisi asosida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida shu kuni o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, soat 21:40larda, Qarshi shahar, Xudoyzod MFY hududida joylashgan jarima maydonida fuqaro O.Sh. YPX xodimi A.Rajabovga 487.000 (to`rt yuz sakson etti ming) so`m miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Shuningdek, fuqaro O.Sh.ning yoni shaxsiy tintuv qilish jarayonida, cho`ntagida 505.000 (besh yuz besh ming) so`m pullar borligi aniqlanib, ushbu pullar YPX inspektori A.Rajabovga berish uchun o`zi bilan olib kelgan pullarning qolgan qismi ekanligini ma`lum qilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar