GRIPPDAN YuZ O`GIRIB BO`LADI!

Salomatlik 26.02.2016, 17:04
GRIPPDAN YuZ O`GIRIB BO`LADI!

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, dunyo bo`yicha eng keng tarqalgan va xavfli kasalliklardan biri gripp hisoblanarkan. Xo`sh, mavsum injiqligiga yo`yiladigan bu xastalik nimasi bilan xavfli? Bugun shu savolga javob topishga harakat qilamiz. 

Mavzu yuzasidan oliy toifali shifokor-terapevt Nodira HAMROEVA ma`lumot beradi. 

VIRUS YuQUMLI!
Gripp virusi havo orqali bemor aksirganida, qattiq yo`talganida sog`lom odam halqumiga tushib, organizmga kirib boradi. Agar immunitetingiz chiniqqan bo`lsa, virusga qarshi antitanachalar xastalikning oldini oladi. Biroq buning aksi bo`lsa, birin-ketin shamollash belgilari kuzatiladi. Kasallikning “umr”i ham organizm xususiyatiga bog`liq. 

 Gripp qo`zg`atuvchi viruslarning A va V turi jadal rivojlanishi bilan ajralib turadi. Mazkur tur viruslari halqum shilliq qavatini zararlantirgach, bir necha soat davomida organizmga tarqalib bo`ladi. Natijada, kutilmaganda tana haroratining ko`tarilishi, et uvishishi yoxud holsizlik kuzatiladi. 

BELGILARI

  • Tana haroratining ko`tarilishi 
  • Qaltirash, et uvishishi 
  • Holsizlik 
  • Tumov yoxud burun bitishi 
  • Bosh og`rig`i 
  • Tomoqda qichishish, yutinganda og`riq his qilish)
  • Bo`g`im va mushaklarda og`riq 

NIMA QILASIZ?  

Yuqoridagi alomatlar kuzatilganida mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi. Shifokor nazoratida kerakli preparatlar bilan muolaja qilinishi lozim.

Tana harorati 38-39 darajaga ko`tarilsa, hududiy poliklinika shifokori yoki “Tez yordam” xizmatiga murojaat qiling. 

Grippni oyoqda o`tkazish noxush asoratlarga olib kelishi mumkin. Hatto oddiy shamollash holati bo`lsa ham, albatta, zarur choralarni kechiktirmang. 

GRIPPGA ChALINSANGIZ...

Bemor yotoq rejimida davolanishi lozim. Chunki gripp virusi yurak, buyrak va immun tizimini zo`riqtiradi. Bu paytda harakatlanish yoki mehnat faoliyati bilan band bo`lish, muammoni jiddiylashtirishi mumkin.

Aksirganda va yo`talganda og`iz-burunni doka yoki dastro`mol bilan to`sing. Yo`qsa, kasallik virusi havo bo`ylab tarqalishiga hissa qo`shgan bo`lasiz.

Buyurilgan dori preparatlarini o`z vaqtida qabul qiling. 

Imkon qadar ko`proq suyuqlik iching. Na`matak, meva qoqidan sharbat ayni muddao. 

Agar farzandingiz gripp bilan og`rigan bo`lsa, bog`cha, maktab va  boshqa aholi gavjum joylarga yubormang. 

YuRAKKA ZARARMI?!

Gripp yuzaga kelganda organizmda surunkali xastaliklar ham avj oladi. Ahamiyat bergan bo`lsangiz, ko`pchilik shamollash bilan birga buyrak faoliyatida o`zgarishlar, sistit, og`iz bo`shlig`i yallig`lanishlaridan ham shikoyat qiladi. Shu bilan birga, gripp asoratlari turlicha bo`lishi ham mumkin. Xususan:

O`pkaga ta`siri — pnevmoniya, bronxit. Aynan pnevmoniya ko`p hollarda gripp ta`sirida avj oladi. 

Yuqori nafas yo`llari kasalliklari — otit, sinusit, rinit, traxeit.

Yurak qon-tomir tizimi faoliyatida — miokard, perikard.

Nerv tizimi shikastlanganida — meningit, ensefalit, nevralgiya. 

GRIPPDAN HIMOYa

Davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashib, grippga qarshi emlatishingiz mumkin. Mazkur amaliyot xususiy klinikalarda bajariladi. 

Mavsumiy kasalliklar avj olganida ko`proq S vitaminiga boy mahsulotlar iste`mol qiling. Taomnomada piyoz va sarimsoqpiyoz bo`lishi ham muhim.

Jamoat transportlarida harakatlansangiz, albatta qo`llaringizni sovunlab yuving. 

Har kuni ertalab va kechqurun burun bo`shlig`ini tozalab turing. 

Eslatma!

Oila a`zolaringizdan birida shamollash alomatlari kuzatilayotgan  bo`lsa, infeksiya tarqalmasligi uchun xona burchaklariga sarimsoqpiyoz bo`lagini qo`yib chiqing. Ertalab isiriq tutating va xonalarni tez-tez shamollating.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1