Qutlug` Ramazon oyi kunlarida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanovning tashabbusi bilan xayrli ishga qo`l urildi.
Namangan shahridagi “ANAMED” diagnostika markazida ehtiyojmand ayollar salomatligini muhofaza qilish, ularda uchraydigan ayrim kasalliklarning barvaqt oldini olish maqsadida Hindistondan taklif etilgan tajribali shifokor, Dehli shahridagi “Fortis” tibbiyot klinikasi onkologi Mandip Sing Malxotra tomonidan sut bezi saratoni kasalligiga chalingan ayollar uchun bepul chuqurlashtirilgan bepul tibbiy tekshiruv o`tkazildi. Bemorlarga tibbiy maslahatlar va davolanish jarayonlari haqida tavsiyalar berildi.
Ko`rik davomida Namangan shahri, Kosonsoy, Yangiqo`rg`on, Uchqo`rg`on va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi, kam ta`minlangan 20 nafar ayol kasalliklari bo`yicha tibbiy tavsiya hamda yo`l-yo`riqlar olishdi.
Tibbiy ko`rikdan tashqari, vrach-onkolog Mandip Sing Malxotra Respublika Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Namangan viloyati filialiga tashrif buyurib, bu erda davolanayotgan bemorlarni ham tibbiy ko`rikdan o`tkazdi.
Darvoqe, xorijlik shifokor mazkur shifo maskananidagi hamkasblari uchun “master-klass” va Hindistonda o`z sohasi yo`nalashida to`plangan ilmiy-tibbiy tajribalar yuzasidan taqdimot o`tkazdi. Namanganlik shifokorlarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.

“ANAMED” diagnostika markazi ta`sischisi, viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi, Respublika IORIAM Namangan filiali mutasaddilari bilan Hindistonning “Fortis” tibbiyot klinikasi vakillari o`rtasida bo`lib o`tgan amaliy muloqotda xususiy tibbiy sektorda ikki tomonlama hamkorlikni yo`lga qo`yish, Namanganda hindistonlik shifokorlarni jalb etgan holda onkologik kasalliklar bilan og`riga bemorlarning jarrohlik amaliyotlarini o`tkazish masalalari yuzasidan muhokama va muzokaralar olib borildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda Namangan viloyatida 9 mingdan ziyod kishi onkologik kasalliklarga chalingan bo`lib, ular dispanser nazoratiga olingan, - dedi Respublika IORIAM Namangan filiali bosh vrachi Solijon Xoliqov. - Bir yilda 1 ming 500dan ziyod fuqaroda kasalliklar aniqlanadi. 140 o`ringa mo`ljallangan onkologik markaz 8 ta bo`limdan iborat. Poliklinika, funksional diagnostika bo`limi shular jumlasidan.

Tashrif doirasida imzolangan “ANAMED” va “Fortis” klinikalari o`rtasidagi Memorandum kelishuvi asosida kelgusida hindistonlik shifokorlar ishtirokida jarrohlik amaliyotlarini yo`lga qo`yish, bir qator ezgu tadbir va loyihalarni o`tkazish rejalashtirildi.






