AsosiyJinoyat

Toshkentda ayollarni jinsiy qullikka sotgan yana bir jinoiy guruh fosh etildi

Har yili millionlab insonlar odam savdosi qurbonlariga aylanishadi. Ushbu sharmadali jinoyatning eng ommalashgan ko`rinishi esa, jinsiy qullikka majburlashdir. Bunday manfur kimsalarning tuzog`iga bugun har joyda duch kelish mumkin. Afsuski, ana shunday nomard, noinsof, vijdonsiz kimsalar bizning yurtimizda ham uchrab turadi. Ular mo`may daromad uchun inson sha`ni, qadr-qimmatini toptashdan ham qaytmaydilar, aksincha, o`z hamyurtlarini pullashga shay turishadi.

“Odamfurushlar” qiyin vaziyatlarga tushib qolgan insonlar, ayniqsa, irodasiz, o`ta sodda va ishonuvchan yoshlarni “ilintirish” uchun turli nayranglarni ishga solishadi. Ular shohona hayot haqidagi cho`pchaklari bilan o`z qurbonlarining qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirishadi. Ularning gapiga ishondingizmi, tamom...

Toshkent viloyati O`rtachirchiq tumanida yashovchi ikki qiz 24 yoshli Zamira B. Hamda 22 yoshli Go`zal R, (jabrlanuvchilarning ism-familiyalari ma`lum sabalarga ko`rao`zgartirildi, aybdorlarning esa, haqiqiy ism-familiyalari oshkor etildi – tahr.) ham ana shunday kimsalarning makr tuzog`iga osongina ilinishdi.

Taqdir ularni poytaxtning Yashnobod tumanida yashovchi 35 yoshli Miyassar Boborahimovaga ro`para qildi. Ayol har doim bashang kiyinib, yonida jaraq-jaraq pul olib yurardi. U turmush o`rtog`i tayinli bir joyda ishlashmasa-da, ikki nafar farzandlarini hech kimdan kam qilmay o`stirishardi. Keyinchalik bu ayol o`z jigarbandlarin iflos, o`zgalarning ko`z-yoshlari va qoni bilan yuvilgan harom pullar evaziga boqib kelgani ma`lum bo`ldi.

Xullas Miyassar o`zining yangi “mijozlariga” “oyoqni uzatib, boyvachchalardek yashashni istasalaring, Turkiyaga ishlagani boringlar” deya maslahat berdi.

Qizlar ayolning bashang kiyimlari, zebu-ziynatlariyu og`zini to`ldirib gapirishini ko`rib, uning tuzog`iga oppa-oson ilinib bo`lishgandi.

Ishonuvchan dugonalarni laqqa tushirganiga shubha qilmagan firibgar ayol ularga “g`amxo`rligini” ko`rsatish maqsadida yo`lkira, ishga joylashish bilan bog`liq hamma xarajatlarni o`zi zimmasiga oldi. Istanbulda qizlarni bir tanishi kutib olib, turar-joy, mehmonxona xizmati sohasida yuqori maosh to`lanadigan ish, hujjatlarni rasmiylashtirish singari ishlarni o`zi hal qilishini tushuntirdi.

2014 yilning avgust oyida chiptalar xarid qilindi. Miyassar “sarflangan 3000 dollarni keyinchalik ishlab pul topganlaringda qaytararsizlar” dedi opalarcha g`amxo`rlik bilan.

Sho`rlik qizaloqlar va`da qilingan jannat sarobdan o`zga narsa emasligiga manzilga etib borishlari bilan amin bo`lishdi. M.Boborahimovning “tanishlari” oddiy qo`shmachilar bo`lib chiqdi. Ular ikki dugonaning hamma hujjatlarini olib qo`ygach, to`g`ri fohishaxonaga olib borishdi. Shu tariqa ikki qizning jahannamdagi hayoti boshlandi.

Zamira bilan Go`zal ko`zi qonga to`lgan erkaklarning shahvoniy istaklarini majburan bajarib yurgan ayni kezlarda ularni xorijlik hamkorlariga pullagan ayol yangidan-yangi “o`ljalar”ga tuzoq qo`yish bilan ovora edi. U aynan ishi yurishmay qolgan, qad-qomati kelishgan, chiroyli qizlarni qidirardi.

Bu gal uning to`riga jizzaxlik jizzaxlik rushana tushib qoldi. Miyassar 25 yoshli bu ayolni puxta ishlangan reja asosida “o`rash”ga kirishdi. 2014 yilning sentyabrida Rushanaga “beg`araz qarz” evaziga samolyotga chipta sotib olindi. Uni har galgidek Istanbulda Miyassarning tanishlari kutib olishdi. Keyin uning hujjatlarni olib qo`yishdi va majburan fahsh botqog`iga sudrashdi.

Inson zoti toqat qilishi mushkul bo`lgan xo`rliklarni boshdan kechirgan uch qiz oradan bir necha oy o`tib, O`zbekistonga qaytishga muvaffaq bo`lishdi. Biroq, afsuski, bu hammasi yaxshilik bilan tugadi, degani emas. Zero, Miyassar va uning manfur sheriklari bu guldek qizlarning baxtini barbod etishmadimi?

Xo`sh, Miyassar Babaraximovaga nima bo`ldi, dersiz? Albatta uning jinoyatlari jazosiz qolgani yo`q. Uning hatti-harakatlari yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-2 moddasiga asosan jinoiy ish qo`zg`atildi. Uni 2015 yil 9 avgust kuni huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida qo`lga olishdi va shu tariqa uning manfur kirdikorlariga chek qo`yildi.

Boshqa yangiliklar