AsosiyJamiyat

"Nahotki, deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor?! Ehtimol, nomiga tugmachani bosib o`tkazib o`tirgandirsiz, lekin, “Davlat tili xaqida”gi qonunga bunday munosabatda bo`lishingiz millat uchun xoinlik!"

'"Nahotki, deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor?! Ehtimol, nomiga tugmachani bosib o`tkazib o`tirgandirsiz, lekin, “Davlat tili xaqida”gi qonunga bunday munosabatda bo`lishingiz millat uchun xoinlik!"'ning rasmi

Bir necha kun avval Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi bobma-bob, moddama-modda ko`rib chiqildi.

Loyiha yuzasidan ayrim e`tirozlar bildirildi. Shundan so`ng, ushbu muhokama yuzasidan "Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov o`zining xulosalari bilan o`rtoqlashgan edi. 

 “Qonun loyihasini muhokamasida XDPning sovetcha qarashlari va “Milliy tiklanish”ni azaldan jini suymaydiganlar bilan qonunga jiddiy e`tibor bermayotganlarning kayfiyatlari ustuvorlik qilmoqda.  

O`zbek tili qadrini ko`tarish va uning ustuvorligini ta`minlash uchun kiritayotgan takliflarimiz “qolgan millatlarni xafa qilib qo`ymasligimiz kerak” yondashuvi bilan qabul qilinmay qoladigandek.  

Kechagi sessiyada shunday normalardan biri etarli ovoz yig`madi. Qonunning 11-moddasida davlat xizmatchisi o`zbek tilini bilishi shartligi belgilangan. Hali bu moddaga etib kelmadik. Lekin 4-moddada fuqaroni davlat tilini bilmaganligi uchun huquqini cheklamaslik to`g`risida norma ko`pchilik ovoz bilan qabul qilindi.  

Taxmin qilayapman, shu ketishda 11-moddadagi davlat xizmatchisiga davlat tilini bilish, 13-moddadagi davlat idoralari arizalarni davlat tilida qabul qilishi va javob berishi, 17-moddadagi barcha millatlarni o`z ona tillarida ta`lim olishlariga ustuvorlik berish bo`yicha normalar ham chiqarib tashlanadi.  

Hammani o`ylash albatta yaxshi, o`ylayapmiz ham, bu qonun loyihasida bironta boshqa millatli vatandoshlarimiz huquqini kamsitadigan norma yo`q... Lekin bu mehribonlik o`zimizni kamsitish hisobiga bo`lmasligi kerak...", degan edi Qodirov.

Mazkur muhokama yuzasidan Feysbuk foydalauvchisi Inomjon Azimov o`z fikr va mulohazalar bilan o`rtoqlashdi. 

“Milliy tiklanish” partiyasi etakchisi Alisher Qodirovning mulohazalarini o`qib, to`g`risi, tashvishga tushib qoldim. Nahotki, deputatlarimiz shunchalik loqayd, shunchalik dunyoqarashi tor?!  

Hurmatli deputatlar!.. Ehtimol, ko`p qonunlarni tushunib-tushunmay, nomiga tugmachani bosib o`tkazib o`tirgandirsiz, lekin bu qonunga bunday munosabatda bo`lishingiz millat uchun xoinlik hisoblanadi.  

Sizlardan iltimos, boshqa davlatlar qonunlarini yaxshilab o`qing, vaqtingizni ayamang, mulohaza qiling. Qo`shnilarimizda yashovchi millatdoshlarimiz qozoq, qirg`iz, turkman tillarini majburan o`rganyapti-ku!  

Hatto Turkmanistonda o`zbek maktablari yopilib ketganiga 15 yil bo`ldi. Ular boshqa millatlar xafa bo`lib qolmasmikan, deb o`tirishgani yo`q, o`z tili haqida qayg`uryapti. Agar yuqoridagi holatda qabul qiladigan bo`langiz, yaxshisi qabul qilmang, unda eskisidan umuman farqi qolmaydi...

Yangi qabul qilinadigan qonun yana 5-10 yilda tahrir qilinadigan, o`zgaradigan emas, balki ona tilimizni har tomonlama muhofaza qiladigan, haqiqiy davlat tili sifatida o`zligini namoyon qilishga qaratilgan umrboqiy qonun bo`lishi kerak!.."- deya yozib qoldirgan davlat tili haqida qayg`urgan O`zbekiston fuqarosi. 

 

                 

    Boshqa yangiliklar