Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 maydan yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o`ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo`lmagan uyda ijarada yashaydigan davlat OTM talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to`lanadigan oylik ijara to`lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Bunda:
- ijara to`lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari, qolgan hududlarda – BHMning 0,5 baravaridan oshmasligi lozim;
- ijara to`lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o`rnak ko`rsatgan va faol talabalar uchun qoplab beriladi;
- OTM tomonidan ularning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to`lovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.
Shuningdek, 2021 yil 1 maydan:
- dehqon xo`jaligi faoliyati bilan shug`ullanayotgan yoshlarni sektor, klaster va fermer xo`jaliklari rahbarlari tomonidan patronajga olish tizimi joriy qilinadi. Bunda, “ustoz-shogird” tamoyili asosida yoshlarga ajratilgan er uchastkalarini o`zlashtirish, agrotexnik tadbirlarni o`tkazish, erlar hosildorligini oshirish, etishtirilgan mahsulotni realizasiya qilish va boshqa masalalarda yordam ko`rsatiladi;
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan dehqon xo`jaligi faoliyati bilan shug`ullanayotgan yoshlarga urug`liklar va ko`chatlarni xarid qilish uchun BHMning 8 baravari miqdorigacha subsidiya ajratiladi.






