Bugun, 26 fevral Shveysriyaning Syurix FIFAning navbatdan tashqari kongressi bo`lib o`tishi haqida xabar bergandik.
Mazkur kongressda tashkilotning yangi prezidentligi uchun saylov tashkil etildi. O`tkazilgan saylov natijalariga ko`ra, UEFA bosh kotibi lavozimida ishlagan Janni Infantino FIFAning yangi, 9-prezidenti etib saylandi.
FIFA prezidentligiga Osiyo futbol konfederasiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa, FIFA bosh kotibi sobiq o`rinbosari Jerom Shampan, Iordaniya shahzodasi Ali bin al-Husayn hamda janubiy afrikalik Tokio Sevale da`vogarlik qilgandi.
Ovoz berish jarayonining birinchi turida ovozlar qo`yidagicha taqsimlandi: Infantino uchun 88 ta, Shayx Salmon uchun 85 ta, shahzoda Ali uchun 27 ta va Shampan uchun 7 ta federasiya ovoz bergan. Janubiy afrikalik Tokio Sevale saylov oldidan o`z nomzodini olib tashladi. Ikkinchi turda esa Infantinoni 115 ta, Shayx Salmonni 88 ta, shahzoda Alini 4 ta federasiya qo`llab-quvvatladi. Shampan uchun ushbu turda hech kim ovoz bermadi.
FIFAning yangi prezidenti 4 yil muddatga saylandi. Qayd etish joiz, FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatter moliyaviy mojarolar sababli 6 yil muddatga futbolga oid ishlardan chetlatilgan.





