Joriy yilning 20 aprel kuni Kun.uz saytida “Kim haq? — Avtomobil yo`llari qo`mitasi Senatning yo`llar nosozligi oqibatida yuz bergan avtohalokatlar bo`yicha ma`lumotini rad etdi” sarlavhasi ostida e`lon qilingan xabar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz, deb yozadi - Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi, Qutbidin BURXANOV.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 24 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasiga respublikamizdagi umum foydalanishdagi avtomobil yo`llarining holati, ularda olib borilayotgan ta`mirlash ishlari, shuningdek, sodir bo`layotgan yo`l-transport xodisalarining kelib chiqish sabablari o`rganib chiqilgani yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Mazkur taqdimnomada IIV Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining muhandislari tomonidan olib borilgan o`rganishlar natijasida avtomobil yo`llarining ta`mirlash ishlari olib borilayotgan, ta`mirlash ishlari oxiriga etkazilmasdan qolib ketgan hamda ta`mirlanishi lozim bo`lgan joylarda 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi ichida 532 ta YTH sodir bo`lgani, ulardan 191 kishi vafot etgani va 511 kishi jarohatlangani aniqlangani haqida qayd etilgan.
Bu boradagi ma`lumotlar, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokamasida ham alohida aytib o`tilgan.
Jumladan, Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan harakat xavfsizligini ta`minlash, yo`l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish yuzasidan mahalliy hokimliklar hamda tegishli tashkilot va idoralarga 2017-2020 yillar davomida jami 6 709 ta taqdimnoma kiritilgan bo`lsa-da, ularning 3 173 tasi yoki 45 foizi belgilangan muddatlarda ijro etilmagan.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan yo`l-transport hodisalarining kelib chiqishiga sabab bo`layotgan avtomobil yo`llarini zarur darajada ta`mirlashga e`tibor qaratilmagani oqibatida 2019 yilda va 2020 yilning 8 oyi davomida 532 ta yo`l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangan va 191 nafar fuqaro halok bo`lgan.
Bu kabi kamchiliklar Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini ta`minlamagan mutasaddilarga nisbatan ta`sirchan choralar ko`rishni taqozo etmoqda, deya aytib o`tilgan.
Ushbu holatdan kelib chiqib, Avtomobil yo`llari qo`mitasi rahbariyatiga kelgusida fuqarolarni atroflicha o`rganilmagan ma`lumotlar bilan chalg`itmaslik uchun tashkil etiladigan matbuot anjumanlari yoki intervyularda puxta tayyorgarlik ko`rgan rahbar xodimlari ishtirok etishini ta`minlash tavsiya etiladi. Aks holda bunday holatlar yuqoridagi kabi OAV va keng jamoatchilik orasida davlat va nodavlat tashkilotlari imijiga nisbatan salbiy ta`sir etuvchi tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining 2020 yil 24 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasiga yuborgan 24/6-19/66-son xati ilova qilinadi.






