Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 avgustdagi tegishli farmoyishiga asosan, yurtimizda koronavirus hamda boshqa kasalliklarga qarshi samarali kurash, aniq tashxis va ular ustida yuqori texnologik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Sog`liqni saqlash vazirligi Respublika patologik anatomiya markaziga Yaponiyaning nufuzli “JEOL” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop olib kelindi. Bu haqda SSV Axborot xizmati xabar bermoqda.
Respublika patologik anatomiya markazi mamlakatimizdagi patologoanatomik xizmatning bosh muassasasi bo`lib, barcha viloyatlar va yirik shaharlardagi davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotgan kasalliklarni biopsiya usulida morfologik jihatdan aniqlash va kasallikdan vafot etganlar murdasini autopsiya usulida tekshirib, bevosita o`lim sababini aniqlash, klinik diagnozni tahlil qilish, har qanday xatolikni aniqlash kabi tashxislash tadbirlarni amalga oshiradi.
Vrach-patologoanatomlarning asosiy ish quroli yorug`lik mikroskop va elektron mikroskop hisoblanadi. Yaponiyada ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop Innovasion rivojlantirish va novatorlik g`oyalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasidan ajratilgan mablag`lar hisobidan moliyalashtirildi.
Ushbu transmission elektron mikroskop 1 nanometrli tuzilmani million marta kattalashtirib, 1 millimetr darajada ko`rsatadi. Masalan: 100 nanometrli koronavirusni million marta kattalashtirib, 10 sm qilib ko`rsatadi.
Hozirda “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskopdan to`liq foydalanish va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish yo`lga qo`yildi.
15 apreldan boshlab yurtimizdagi barcha tibbiyot oliy o`quv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlar bilan shartnomalar tuzilib, tadqiqotlar boshlab yuborildi. 1 maydan boshlab tekshirishga qabul qilingan biologik materialga maxsus tartibda ishlov berish, elektron mikroskopda ko`rib o`rganish, elektronnogrammalar olish, ularni ilmiy jihatdan tavsiflab, egasiga qaytarish yo`lga qo`yiladi.






