1

2021 yilda inflyasiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik kerak – Senatorlar Davlat dasturi ijrosi bilan tanishdi

Jamiyat 23.04.2021, 12:15
Teglar: Senat
2021 yilda inflyasiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik kerak – Senatorlar Davlat dasturi ijrosi bilan tanishdi

Oliy Majlis Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisida 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yilning birinchi choragidagi ijrosi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

Joriy yildagi Davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo`lib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trln so`m, 2,6 mlrd AQSh dollari hamda 57,5 mln evroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Birinchi chorakda ijrosi ta`minlanishi belgilangan 41 ta topshiriqning 32 tasi to`liq bajarilgan.

Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Dasturda ijro muddati kelmagan 15 ta banddagi vazifalar bajarilishi ta`minlangan.

Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o`sishi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 103,0 foizni tashkil qilgan. Savdo aylanmasi hajmi 46,7 trln so`mga etib, o`tgan yilga nisbatan 102,8 foizga o`sgan. Davlat byudjeti ijtimoiy sohaga yo`naltirilgan xarajatlar 18,2 trln so`mni tashkil qilib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 38,6 foizga oshgan.

Erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 mlrd dollar, shundan 818 mln dollari to`g`ridan-to`g`ri investisiya bo`lgan 453 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 35 897 ta yangi ish o`rni tashkil etilgan.

Har bir tuman (shahar)da “Yoshlar dasturlari” ijrosi tizimli yo`lga qo`yilib, 271 ming 495 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta`minlangan. 62 ming 441 nafar yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitilgan hamda 27 ming 236 nafar yoshlar “1+1” loyihasi asosida tadbirkor va usta-hunarmandlarga biriktirilgan.

Yangi tashkil qilingan “Yoshlar jamg`armalari” mablag`laridan 17 mlrd 504 mln so`m mablag` sarflanib, “Yoshlar daftari”ga kirgan 24 ming 904 nafardan ortiq yoshlarning muammolari hal etilishiga ko`maklashilgan.

Aholi salomatligini mustahkamlash maqsadida 660 ming doza AstraZeneca va 1 mln doza ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi olib kelingan. Emlash ishlarini amalga oshirish uchun respublikada 3 138 ta punkt va 862 ta harakatdagi brigada tashkil etilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan Dastur ijrosini ta`minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi ta`kidlandi.

Xususan, Dasturda ijrosi I chorakda ta`minlanishi belgilangan ba`zi topshiriqlar o`z vaqtida bajarilmagan. Jumladan, Davlat dasturining 145-bandida 1 martga qadar aholining minimal iste`mol xarajatlarini e`lon qilish amaliyotini yo`lga qo`yish vazifasi qayd etilgan bo`lib, mazkur band ijrosi yuzasidan me`yoriy-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Dasturning 120-bandida 20 martga qadar  qishloq xo`jaligida er munosabatlari bo`yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, erlarni bozor aktivlariga aylantirish hamda er uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi belgilangan. Biroq mazkur topshiriq bajarilmagan.

Shuningdek, ayrim hujjatlar loyihalari ijrochilar tomonidan o`z vaqtida ishlab chiqilmaganligi hududlarda shu yo`nalishdagi islohotlarga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani ham ta`kidlandi.

Qizg`in savol-javoblar asosida o`tgan Davlat dasturi ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan ko`plab e`tirozlarga sabab bo`layotgan masalalarga alohida e`tibor qaratdi. Xususan, Dasturning 38-bandidagi Inflyasiyaviy targetlash doirasida 2021 yilda inflyasiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligi, Dasturning 43-bandidagi davlat qarzi bo`yicha ma`lumotlarning yanada ochiqligini ta`minlash vazifasining bajarilish holati, Dasturning 120-bandidagi  Qishloq xo`jaligida er munosabatlari bo`yicha islohotlarni yanada takomillashtirish, er uchastkalarini ijara huquqi bilan foydalanishga berishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish, Dasturning 261-bandidagi xorijiy mamlakatlardagi O`zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko`rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish tizimini tubdan rivojlantirish bo`yicha ko`rilgan chora-tadbirlar kabi masalalar yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitildi.

Muhokamalar so`nggida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Sharhlar

⚡️Jahongir Ortiqxo`jaevning senatorlik vakolati ham tugatildi

31.01.2023, 10:22

Jahongir Ortiqxo`jaevni Oliy Majlisi Senati a`zolari ro`yxatidan chiqarish to`g`risida Markaziy saylov komissiyasining qarori e`lon qilindi.Unga ko`ra, Toshkent shahridan saylangan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi...
O`zbekistonda go`daklar o`limi ko`paygan — Senat

29.09.2022, 09:18

Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o`rganish masalasi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda...
Jo`qorg`i Kenges raisi Amanbay Orinbaev Senat raisiga o`rinbosar etib saylandi

13.09.2022, 10:47

Bugun,13 sentyabr kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`ttiz ikkinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi. Bu haqda Senat axborot xizmati...
"Senat „adi-badi“ aytishib o`tiradigan joy emas". Behzod Musaev va Akmal Burxonov o`rtasida debat bo`lib ketdi. Senat raisi bahsga aralashdi (video)

05.08.2022, 12:03

Senatning 29-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi milliy ma`ruzasi bahs-munozaraga aylanib ketdi.Agentlik rahbarining so`zlariga ko`ra, korrupsiyaga oid...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1