Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Narbaeva ushbu masalaga e`tibor qaratib, uy-joy masalasi odamlar hayotida birlamchi o`ringa chiqqanini qayd etdi.
" – Buni ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va ko`p sonli murojaatlardan ham bilib olish mumkin.
Bu masala davlatimizning doimiy e`tiborida. Ayniqsa, joriy yilda aholini uy-joy bilan ta`minlash bo`yicha katta marralar olingan, ya`ni 54 ming oilani uy-joy bilan ta`minlash rejalashtirilgan. Ko`plab imtiyoz va engilliklar berilmoqda.
Ma`lumki, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan uy-joy ta`minotida adolatli tizim yaratish maqsadida xalq deputatlari mahalliy kengashlari huzurida Xalqparvar komissiyalar faoliyati yo`lga qo`yildi.
Senat kengashi qarori bilan mazkur komissiyalarning namunaviy nizomi hamda namunaviy tarkibi tasdiqlandi.
Mazkur komissiyalar joylardagi senatorlar, deputatlar, mahalla va oila, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari rahbarlari, bank boshqaruvchilari hamda OAV, jumladan blogerlardan iborat tarkibda shakllantirildi.
Komissiyalar uy-joyga muhtoj fuqarolar ro`yxatini shakllantirish, aholi uchun qurilayotgan uy-joylarga er maydonlari ajratish bo`yicha qarorlar qabul qiladi.
Shu bilan birga, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish va o`z muddatida tugatish, ipoteka krediti, subsidiyalar oluvchilar o`rtasida mablag`larni adolatli taqsimlash, sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma`muriy to`siqlarning oldini olish, qurilish tashkilotlarini tanlashda shaffoflikni ta`minlash kabi masalalarda kompleks nazorat olib boradi. Targ`ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshiradi" , – deyiladi Senat Axborot xizmati xabarida.






